May oyida Oʻzbekistonda aholining yillik inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 0,5 foiz bandga — 10,1 foizgacha pasaydi. Soʻnggi ikki oyda inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasiga qaytdi. Gazeta Oʻzbekiston Markaziy bankining aholi va tadbirkorlar orasida oʻtkazgan anʼanaviy soʻrovnomasi natijalari boʻyicha eʼlon qilgan sharhini oʻrgandi.

Aholining yillik inflyatsion kutilmalari. Manba: Oʻzbekiston Markaziy banki sharhi.
Aprel yakunlariga koʻra narxlarga bosim oʻtkazishi mumkin boʻlgan asosiy omillarning barchasi boʻyicha aholi va tadbirkorlarning xavotirlari ortishi kuzatilgan edi. May oyida vaziyat biroz moʻtadillashganini koʻrish mumkin.

Aholi inflyatsion kutilmalarining omillari. Manba: Oʻzbekiston Markaziy banki sharhi.
Qayd etish joizki, kommunal xizmatlar va yoqilgʻi-energiya narxlari oʻsishi hali ham aholi va tadbirkorlarning asosiy xavotiri manbai boʻlib qolmoqda. Xususan, ushbu omillar inflyatsiyani tezlashtirishi mumkinligini bildirgan respondentlar ulushi ketma-ket toʻrtinchi oy ortgan. Ayniqsa, kommunal xizmatlar qimmatlashishi borasida xavotir bildirgan respondentlar ulushi tezroq oʻsyapti. Ayni paytda valyuta kursi oʻzgarishidan xavotirlar oxirgi bir yildagi minimumgacha pasaydi.
Asosiy oziq-ovqatlar narxlari oʻsishi, valyuta kursi oʻzgarishi hamda ish haqi va nafaqalar miqdori oshishi aholini kamroq xavotirga sola boshlagan.
May oyida tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga pasayib, 10 foizni tashkil etdi.

Tadbirkorlarning yillik inflyatsion kutilmalari. Manba: Oʻzbekiston Markaziy banki sharhi.
Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari shakllanishida, yuqorida qayd etilganidek, kommunal xizmatlar va yoqilgʻi-energiya narxlari asosiy rol oʻynamoqda. Kommunal xizmatlar qimmatlashishi tadbirkorlarni eng koʻp tashvishga solyapti. Boshqa omillar boʻyicha vaziyat may oyida moʻtadillashgan.

Tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarining omillari. Manba: Oʻzbekiston Markaziy banki sharhi.
Aholining turli toifalari kesimida eng yuqori narxlar oʻsishini kutayotganlar — pensionerlar boʻlsa, eng past kutilmalar talabalar tomonidan qayd etilgan.


Inflyatsion kutilmalar sohalar kesimida. Manba: Oʻzbekiston Markaziy banki sharhi.
Tadbirkorlar orasida kelgusida narxlar shakllanishi boʻyicha eng yuqori kutilmalar qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan. Eng past kutilmalar esa kafe-restoran xizmatlarini koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan.

Daromad darajasiga koʻra aholining turli guruhlari kesimida olib qaralganda, eng yuqori kutilmalar anʼanaviy ravishda yuqori daromadga ega guruhlar tomonidan qayd etilgan. Umuman, daromadi 7 mln soʻmdan yuqori aholi guruhlarida kutilmalar oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori shakllangan. Bu qisman turli daromadga ega aholi guruhlarining asosiy isteʼmol tovarlari va xarajatlar tarkibi bilan izohlanishi mumkin.


Hududlar kesimida aholi va tadbirkorlik subyektlari inflyatsion kutilmalarining eng yuqori koʻrsatkichi mos ravishda Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etilgan. Eng past inflyatsion kutilmalar Namangan hamda Andijon viloyatlarida kuzatilgan.


