2026 yilning mart oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozorida faollikning keskin oʻsishi qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida soʻz boradi.
Uy-joy oldi-sotdi bitimlari hajmi 43,6 mingtaga yetib, fevral oyiga (29,7 ming) nisbatan 47 foizga koʻpaydi.

Markaz maʼlumotlariga koʻra, faollikning bunday keskin oʻsishi qisman 1 apreldan kuchga kirgan eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilishga oʻtish bilan bogʻliq. Yangi tartib talabni ragʻbatlantirib, bitimlarning bir qismini ertaroq muddatga koʻchirishga sabab boʻlishi mumkin edi. Boshqacha aytganda, aprel oyida amalga oshirilishi kerak boʻlgan bitimlarning bir qismi mart oyiga koʻchirilgan.
Oy yakunlariga koʻra, faollikning oʻsishi mamlakatning barcha hududlarida qayd etildi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Sirdaryo (+64,6%), Jizzax (+73,2%) va Namangan (+63%) viloyatlarida kuzatildi.
Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi kabi boshqa bir qator hududlarda, shuningdek, Toshkent viloyati va poytaxtda oʻsish 40−50 foiz atrofida boʻldi.
Barcha bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keldi. Poytaxtda ularning soni bir oy ichida 44 foizga oshib, taxminan 12,8 mingtaga yetdi.
Narxlar
Mart oyida respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar bir oyda 0,4 foizga oʻsdi. Yillik hisobda oʻsish taxminan 10% ni tashkil etdi.
Yil davomida narxlarning eng sezilarli qimmatlashishi Sirdaryo (+22%), Samarqand (+18,7%) va Andijon (+17,6%) viloyatlarida qayd etildi.
Uy-joy qimmatligi boʻyicha poytaxtdan keyin ikkinchi oʻrinni Samarqand viloyati egallab turibdi — bir kvadrat metri uchun taxminan 909 dollar (narx bir oyda 3,6 foizga va bir yilda 18,7 foizga oshgan). Toshkent viloyatida bu koʻrsatkich 681 dollarni tashkil etdi: oʻsish bir oyda 2,1% va bir yilda 5% ni tashkil qildi.
Umumiy oʻsishga qaramay, mart oyida ayrim hududlarda fevral oyiga nisbatan narxlarning pasayishi kuzatildi. Ular qatoriga Namangan (-4,6%), Fargʻona (-1,5%), Qashqadaryo (-1,1%), Xorazm (-0,7%) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (-0,7%) kiradi.
Shu bilan birga, yillik hisobda barcha hududlarda narxlarning oʻsishi kuzatilmoqda.

Toshkentdagi narxlar
Toshkentda narxlar dinamikasi ikkilamchi bozorda ancha moʻtadil, yangi qurilgan uylar segmentida esa yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.
Ikkilamchi bozorda bir kvadrat metrning oʻrtacha qiymati bir yil ichida xorijiy valyutada 5 foizga oshib, 1124 dollarni tashkil etdi. Narxlar eng tez Mirobod (+7,3%), Mirzo Ulugʻbek (+7,2%) va Chilonzor (+6,9%) tumanlarida koʻtarildi.
Birlamchi bozorda oʻsish yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi. Bu borada Mirzo Ulugʻbek (+15,5%), Mirobod (+14,9%) va Yunusobod (+14,6%) tumanlari yetakchilik qildi.
Taqqoslash uchun: 2025 yil mart oyida poytaxtda “ikkilamchi” bozor uylarining oʻrtacha qiymati yillik hisobda 5,7 foizga, yangi qurilgan uylar narxi esa 3,7 foizga pasaygan edi.
Markaziy bankning 2025-yilgi sharhida Toshkentda kvartiralar narxi dollarda oshgani, biroq soʻmda deyarli oʻzgarishsiz qolgani qayd etilgan.
Ijara yana qimmatlashmoqda

Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining oʻrtacha narxi bir kvadrat metr uchun taxminan 8,9 dollarni tashkil etdi. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, bir yil avvalgiga qaraganda esa 10,8 foizga yuqoridir.
Eng yuqori stavkalar markaziy tumanlar — Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbekda saqlanib qolmoqda (bir kv. m uchun taxminan 11 dollar).
Shu bilan birga, yil davomida ijara stavkalarining eng tez oʻsishi Yashnobod (+18,9%), Mirzo Ulugʻbek (+14,3%) va Yakkasaroy (+12,5%) tumanlarida qayd etildi.


