Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonliklarga maosh oladigan bankni tanlash huquqi beriladi

Prezident qarori bilan 2025—2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qoʻllab-quvvatlash dasturi tasdiqlandi. Unda Markaziy bank raisi 2025 yil dekabrida bank kartasini ochishda tanlov imkoniyatini berishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi lozimligi belgilangan.

Oʻzbekistonda fuqarolarga maoshini oladigan bankni tanlash huquqi berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarorida koʻzda tutilgan.

Qaror bilan 2025—2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qoʻllab-quvvatlash dasturi tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra, chakana bank xizmatlari va toʻlovlari bozorida raqobatni rivojlantirish maqsadida majburiy mijozlar auditoriyasidan voz kechgan holda foydalanuvchilarga bank kartasini ochishda tanlov imkoniyati yaratiladi.

Fuqarolarga oʻz maoshini oladigan bankni yoki elektron hamyon provayderini tanlash huquqi beriladi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2025 yil dekabrida shunga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi lozim.

Timur Ishmetov, shuningdek, 2026 yil iyunida Markaziy bank tomonidan boshqariladigan toʻlov tizimlarida ommaviy (toʻplamli) toʻlovlar funksiyasini yaratishi kerakligi belgilandi.

Noyabr oyida bank kartalari boʻyicha yangi tartiblar belgilandi. Endilikda 14-18 yoshdagi voyaga yetmagan shaxslar oʻzlari mustaqil, 14 yoshgacha boʻlganlar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida tijorat banklarida bank kartasini ochishlari mumkin.