Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun QQS nol stavkaga tushiriladi

2026 yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xoʻjaligi subyektlari oʻzi yetishtirgan mahsulotlarni (gʻalla va paxtadan tashqari) sotishda QQSdan ozod etiladi. Urugʻ, oʻgʻit, yoqilgʻi, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabr kuni qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Xabarda aytilishicha, qishloq xoʻjaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foizni tashkil etmoqda.

Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida koʻtarilgan edi. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xoʻjaligini “soya”dan chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, kelasi yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xoʻjaligi korxonalari dehqon va fermerlarga oʻzi yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini (gʻalla va paxtadan tashqari) sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi nol stavkada boʻladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urugʻ, oʻgʻit, yoqilgʻi, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi. Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard soʻm mablagʻ qoladi, yana 400 milliard soʻmlik soliqni qaytarib olish imkoniyati boʻladi.

Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yoʻlga qoʻyish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.