Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“E-lom” elektron platformasi 1 avgustdan ishga tushiriladi

Hukumat huzurida qora metallurgiya sohasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash va narx barqarorligini nazorat qilish uchun alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Oʻzbekistonda qora metall aylanmasini toʻliq nazorat qilish uchun 1 avgustdan “E-lom” elektron platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qora metallurgiya sanoatini rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati har yili 700 ming tonna qora metallolom qabul qilayotgan boʻlsa, yana qariyb 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda. Shu bois qora metall aylanmasi bilan bogʻliq barcha jarayonlar “E-lom” platformasi orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi.

Shuningdek, Hukumat huzurida qora metallurgiya sohasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash va narx barqarorligini nazorat qilish uchun alohida loyiha ofisi tashkil etiladi. U bozorni kunlik tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotga talab hamda taklifni shakllantiradi, shuningdek, metall mahsulotlari uchun raqamli pasport tizimini yuritadi.

Prezident mutasaddilarga bir oy ichida loyiha ofisi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va 1 avgustdan “E-lom” platformasini toʻliq ishga tushirish boʻyicha topshiriq berdi.