Markaziy bank mijozlar bilan munosabatlar sohasida banklar faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablarga oʻzgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilindi.
Jismoniy shaxslar uchun kredit olishda majburiyatlar bilan bogʻliq xatarlar koʻrsatiladigan chek-listlarni joriy etish taklif etilmoqda. Bank qarz maʼqullangandan soʻng, ammo mijoz bilan kredit shartnomasi tuzilgunga qadar chek-list taqdim etishi kerak boʻladi.
Qarz oluvchi barcha bandlar bilan tanishib chiqishi va ularga roziligini tasdiqlashi kerak boʻladi. Toʻldirilgan chek-listsiz kredit shartnomasini imzolashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hujjatda toʻrtta shart tushuntirishlar bilan sanab oʻtiladi:
- kredit — bu xarajat;
- kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan oʻrganib chiqdim;
- daromadlarim kredit toʻlovlarini toʻlash imkonini beradi;
- kredit toʻlovlarini kechiktirish oqibatlaridan xabardorman.
Mazkur chek-list bank muassasasida kredit rasmiylashtirilayotganda — qogʻoz shaklida qarz oluvchiga taqdim etiladi. Qarz oluvchi chek-listdagi har bir bandni oʻqib tanishganligini maxsus belgi bilan belgilaydi hamda chek-listni qoʻlda imzo qoʻyib tasdiqlaydi.
Masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali kredit rasmiylashtirilayotganda esa qarz oluvchi chek-listdagi har bir bandni oʻqib tanishganligini mahsus elektron belgi bilan belgilaydi hamda chek-listni tasdiqlash tugmasini bosadi.
Bunda barcha belgilarni qoʻyish va tasdiqlash tugmasini bosish fakti bankning avtomatlashtirilgan tizimida sana, vaqt, IP-manzil va qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchi) identifikatorlaridan birini koʻrsatilgan holda qayd etilishi lozim.
Bundan tashqari, Markaziy bank banklarga kredit parametrlari, jumladan, oluvchining miqdori, muddati va daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mobil ilovalarga avtomatik ravishda yuklashni taqiqlashni taklif qilmoqda.
Mijozning roziligini ifodalovchi “standart” belgilar va boshqa tugmalarni oʻrnatish taqiqlanadi. Shartnoma (oferta) shartlarini oʻqishda qabul qilish tugmasi mijoz tomonidan hujjat oxirigacha varaqlangandan keyingina faollashishi kerak.
Shuningdek, banklar qarz oluvchining moliyaviy qiyinchiliklari, murakkab hayotiy vaziyati yoki fors-major holatlari tufayli kredit shartnomalarini oʻzgartirish va kreditlarni restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish tartibini tasdiqlashi kerak boʻladi. Hujjat bankning veb-saytida joylashtirilishi kerak.
