KPMG tomonidan tayyorlangan Global Digital Banking Trends & Insights 2025 hisobotida raqamlashtirish, mijozlar talabining oshishi va fintex raqobati Oʻzbekiston banklari faoliyatiga taʼsir oʻtkazayotgani keltirib oʻtilgan.
Hisobotga koʻra, 2018 – 2023 yillarda xizmat koʻrsatish narxi oshgan boʻlsada, mijozlar tajribasi sifati pasaygan. KPMG ekspertlari mijozlar ehtiyojining oʻsishini asosiy global trend sifatida qayd etgan. Endi foydalanuvchilar banklardan faqat tezkor xizmat emas, balki empatiya, shaffoflik va shaxsiy yondashuvni ham kutishmoqda.
Oʻzbekistonda bu boradagi oʻzgarishlar endi boshlanyapti: bank ilovalari interfeysi yangilanmoqda, uchinchi tomon kartalari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ekspertlar fikricha, banklar individual xizmat ssenariylariga oʻtishi zarur.
Bank sohasida yoshlar omili
KPMG prognoziga koʻra, 2030 yilgacha dunyoda 30 yoshgacha boʻlganlar daromadi 400 foizga oshadi. Bu qatlamga oʻsha paytda 84 trillion dollarga yaqin kapital oʻtadi. Shu sababli, youth banking konsepsiyasi banklar uchun strategik yoʻnalishga aylanmoqda.
Oʻzbekistonda yoshlar aholining yarmidan koʻpini tashkil qiladi. Biroq banklarning aksariyati bu segment bilan tizimli ishlamayapti. Faqat 4-5 ta bank moliyaviy tarbiya va yoshlar uchun moslashtirilgan mahsulotlarni taklif qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yoshlarga moʻljallangan bank mahsulotlari, oʻrgatuvchi modullar, moslashtirilgan interfeyslar orqali bu auditoriyani erta bosqichda jalb etish va ularning sodiqligini taʼminlash mumkin.
Sunʼiy intellektning bank tizimidagi oʻrni
KPMG The Intelligent Bank 2025 hisobotida qayd etilishicha, banklarning 80 foizdan ortigʻi sunʼiy intellektni strategik aktiv deb baholamoqda. SI yordamida qaror qabul qilish, firibgarlikni aniqlash, mijozga shaxsiy takliflar berish kabi funksiyalar avtomatlashtirilmoqda.
Oʻzbekistonda esa SI texnologiyalari hali keng joriy etilmagan. 2024 yilda davlat darajasida SI strategiyasi qabul qilingan boʻlsada, banklar bu borada sust harakat qilmoqda. Asosiy toʻsiqlar – eski IT tizimlar, integratsiyalanmagan maʼlumotlar va yetarli mutaxassislar yoʻqligi.
Shunga qaramay, Oʻzbekiston banklarida katta imkoniyat mavjud. Mijozlarning raqamli faolligi va tranzaksiyalar hajmi ortib borayotgan bir paytda, SI texnologiyalarini qoʻllash orqali xizmat sifati, tezligi va xavfsizligini sezilarli darajada oshirish mumkin.
Hisobotga koʻra, Oʻzbekiston banklari uchun muvaffaqiyat kaliti — mijozga yoʻnaltirilgan yondashuv, sunʼiy intellekt, yoshlar bilan tizimli ishlash va innovatsiyalarni tez joriy etish. Banklar bu oʻzgarishlarga tayyor boʻlishi shart, aks holda bozor ulushini yoʻqotish xavfi ortadi.


