Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Jizzaxdagi zavodda ilk BYD elektromobillari ishlab chiqarildi

Loyihaning dastlabki bosqichi umumiy qiymati 160 million AQSh dollariga teng boʻlib, yiliga 50 mingtagacha elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish koʻzda tutilgan. Hozirgi paytda zavodda 1200 kishi mehnat qilmoqda. Barcha uchta bosqich joriy etilgach, ish oʻrinlari 10 mingtaga yetadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida “BYD Uzbekistan Factory” zavodini borib koʻrdi hamda zavodda ishlab chiqarilgan ilk elektromobilga imzo qoʻydi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Maʻlumot uchun, ushbu zavod davlat rahbarining 2024-yil yanvar oyida Xitoyga tashrifi chogʻida ishga tushgandi.  Loyihaning umumiy qiymati 160 million dollarlik birinchi bosqichida yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Buning uchun qoʻshma korxona zamonaviy sanoat infratuzilmasi bilan taʼminlangan. Qariyb 2 kilometrlik temir yoʻl tortilgan hamda ichlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash uchun butlovchi qismlar ombori, 1200 ta konteyner sigʻimiga ega logistika markazi qurilgan.

Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik oʻlchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan.

Hozirda bu yerda Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda.

Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish koʻzda tutilgan.

Eng avvalo, bamper, oyna, lak-buyoq, plastik qismlarni Oʻzbekistonda tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Keyinchalik akkumulyator, elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar, oʻrindiqlar ishlab chiqarishga oʻtiladi.

Mazkur yangi tarmoqda mutaxassislarni tayyorlash uchun “R&D markazi” tashkil etish, ilm va muhandislik yutuqlarini izchil qoʻllab borish zarurligi taʼkidlandi. Mahalliylashtirish loyihalari orqali mahsulot tannarxini tushirish choralari muhokama qilindi.

Maʻlum qilinishicha, bugungi kunda korxonada 1200 kishi ishlamoqda. 2023-yilda 200 nafar xodim “Uzautomotors” zavodlarida malaka oshirgan boʻlsa, 2024-yil yana 92 nafar mutaxassis Xitoyning Sian va Chansha shaharlarida sifat nazorati, texnologiya, taʼminot, uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda malaka oshiradi. Barcha uch bosqich joriy etilgach, ish oʻrinlari 10 mingtaga yetadi.

Davlat rahbari zavoddagi mahalliylashtirish dasturi boʻyicha axborotni tingladi hamda xitoylik hamkorlar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, Prezident zavoddan chiqqan ilk elektromobilda oʻz imzosini qoldirdi.