Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada 2022 yil 14 iyuldan kuchga kirgan, oʻzbekistonlik mehnat migrantlari uchun ham taaluqli boʻlgan qonun hujjatlari boʻyicha maʼlumot berdi.
Kuchga kirgan mazkur hujjatlar boʻyicha patentga ega yoki Rossiyada taʼlim olayotgan chet el fuqarosi voyaga yetmagan farzandlarining vaqtincha boʻlish muddatini uzaytirishi mumkin. “Vizasiz” mamlakatlar fuqarolari (shu jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari ham) Rossiyadan chiqmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirish (ish) uchun migratsiya kartasidagi tashrif maqsadini oʻzgartirishi mumkin.
Buning uchun IIV Migratsiya boshqarmasiga bildirishnoma bilan murojaat qilish kerak. Tashrif maqsadini patentga ariza berishda darhol “ish”ga oʻzgartirish mumkin. Agar chet el fuqarosi STIR (INN)ga ega boʻlsa va uni arizada koʻrsatgan boʻlsa, patent olish uchun arizani koʻrib chiqish muddati 5 ish kunidan oshmaydi. STIR (INN) boʻlmasa, bu muddat 10 ish kunini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan chet el fuqarolari yiliga bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak. Kasbiy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan chet el fuqarolari ishlashi mumkin boʻladi. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) bekor qilingan taqdirda, chet el fuqarosi 15 kun ichida Rossiya hududidan chiqib ketishi kerak boʻladi.
Qayd etilishicha, bu oʻzgarishlar 2022 yil 14 iyuldan kuchga kirgan.
Avvalroq Rossiyaning Tyumen viloyatida migrantlarga taksichilik qilish taqiqlangandi. Tegishli hujjat huquqiy axborotning rasmiy internet portalida eʼlon qilingan. Unga koʻra, transport xizmatini koʻrsatuvchi kompaniyalar yangi yil boshidan patent asosida Rossiya hududida ishlayotgan mehnat muhojirlarini ishga olmaydi.


