Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya tegishli kelishuvlarni imzolaganidan soʻng Ukraina makkajoʻxorisi yuklangan birinchi kema Odessa dengiz portidan joʻnab ketdi. Bu haqda Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov maʼlum qildi.
Kubrakovning soʻzlariga koʻra, Razoni kemasi Syerra-Leone bayrogʻi ostida portni tark etgan. U Livandagi Tripoli portiga yoʻl olgan. Bortda 26 ming tonna makkajoʻxori bor.
Infratuzilma vazirining qoʻshimcha qilishicha, Odessa portida yana 16 ta kema oʻz navbatini kutmoqda. Uning taʼkidlashicha, Ukraina makkajoʻxori eksporti boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi.
“Anadolu” agentligining yozishicha, kemaning joʻnab ketganini Turkiya Mudofaa vazirligi tasdiqlagan. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, kema Istanbulga 2 avgust kuni yetib boradi. Shahar qirgʻoqlarida nazorat oʻrnatilgach, kema Livan tomon yoʻnalishini davom ettiradi.
Kelishuv
Avvalroq Ukraina va Rossiya Qora dengiz orqali Ukraina gʻallasi eksportini qayta tiklash boʻyicha kelishuv imzolishi toʻgʻrisida xabar berildi.
Keyinchalik Moskva va Kiyev 22 iyul kuni BMT va Turkiya bilan Ukraina gʻallasini eksport qilishni tashkil etish boʻyicha alohida kelishuvlar imzoladi. Shartnomalarga koʻra, don uchta portdan: Odessa, Yujniy va Chernomorskdan eksport qilinadi.
Kiyev portlarni minalardan tozalamaydi: kemalar oʻtish uchun xavfsiz yoʻlaklardan foydalaniladi. Jarayonni nazorat qilish uchun Rossiya, Ukraina va Turkiyani oʻz ichiga olgan muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etilgan.
“Rossiya kemalari tomonidan transport eskorti kutilmaydi, Ukraina portlarida Rossiya vakillari boʻlmaydi: tekshiruvlar turk suvlarida qoʻshma guruhlar tomonidan amalga oshiriladi”, — dedi Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak.
Ukraina donining eksporti Rossiyaning Ukrainaga hujumi tufayli toʻxtatilgandi. Reuters agentligining yozishicha, shu sababli Odessa portida 20 million tonnaga yaqin don qolib ketgan.
Rossiya don eksportini toʻsib qoʻyishga aloqadorligini rad etib, portlarni Ukrainaning oʻzi toʻsganiga ishora qilgan.


