Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) 1975 yil BMTning turizmni targʻib qilish boʻyicha ixtisoslashgan agentligi sifatida tashkil etilgan. Tashkilot turizmni iqtisodiy oʻsish, inklyuziv rivojlanish va ekologik barqarorlikning drayveri sifatida ragʻbatlantiruvchi yetakchi xalqaro tashkilotdir.
“Bugun.uz” Turizm va madaniy meros vazirligi qoshidagi “Ipak yoʻli ofisi” UK direktori Mansur Meylikov bilan suhbatlashib, tashkilot va Oʻzbekiston aloqalariga toʻgʻrisida maʼlumot oldi. Qayd etilishicha, Oʻzbekiston UNWTOʻga 1993 yil aʼzo boʻlgan va regional jihatdan barcha MDH davlatlari qatori Yevropa mintaqaviy komissiyasiga biriktirilgan.
- Tashkilotga aʼzo boʻlgan yildan beri tashkilotning bir qator tadbirlari Oʻzbekistonda oʻtkazilgan:
- UNWTO shafeligida har yili Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi ochildi, 1995 yil;Samarqandda UNWTO Ijroiya kengashining 99-sessiyasi boʻlib oʻtdi, 2014 yil;
- Samarqand shahrida onlayn videokonferensiya orqali UNWTO Yevropa minyaqaviy komissiyasining 65-yigʻilishi oʻtkazildi, 2020 yil;
- UNWTOʻning Ipak yoʻli dasturi doirasida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida konferensiyalar oʻtkazilgan.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi, xususan Turizm va madaniy meros vazirligi mazkur tashkilot bilan hamkorlikni izchil olib bormoqda. Xususan,
- UNWTO “Talabalar ligasi” nomli innovatsion loyihasining Oʻzbekistonda milliy bosqichini oʻtkazilishi boʻyicha tashkilot bilan muzokaralar qilindi. Loyiha turizm sohasidagi oliy va oʻrta maxsus kasb-hunar muassalariga oʻrtasida oʻtkaziladi.
- UNWTO tomonidan ilgari surilayotgan “Best tourism villages” (Eng yaxshi turizm qishlogʻi) loyihasida ishtirok etilmoqda. Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi “Konigil” qishlogʻi, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Omonxona”, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Centob qishlogʻi boʻyicha taqdimotlar loyihaga taqdim etildi.
“2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ga binoan, Tadbirkorlik subyektlari orasida toʻsiqsiz turizm va uning afzalliklari yuzasidan tushuntirish ishlarini UNWTO bilan hamkorlikda tashkil qilish, ushbu yoʻnalishda jahon tajribasini mahalliy tadbirkorlarga yetkazish uchun joriy yilning iyul oyida onlayn seminar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
UNWTO tomonidan “Xalqaro turistlarni himoya qilish kodeksi”ga qoʻshilish taklifi oʻrganib chiqilmoqda. Ushbu kodeksga qoʻshilish orqali xorijiy va mahalliy sayyohlarning xavfsizligini mustahkamlash, ularga yanada qulaylik va sharoit yaratish boʻyicha tavsiyaviy tamoyillar ishlab chiqiladi.
Oʻzbekiston 2023 yil Samarqand shahrida UNWTO oliy organi — bosh assambleyasining 25-sessiyasi va uning doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Ushbu global tadbirda 160 aʼzo davlatlar vazirlari hamda 2 mingdan ortiq turizm sohasi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.


