Arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin. “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kodeksga arbitr tushunchasi kiritilib, arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar, jumladan, arbitrni tayinlash, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar muhokamasi koʻrilishi belgilandi.
Shuningdek, arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari – arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida guvoh sifatida chaqirilishi va soʻroq qilinishi mumkin emasligi belgilandi.
Endilikda arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari arbitraj muhokamasi tarafining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin.
Qonun bilan arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni yuritish tartibi belgilandi.
Shuningdek, qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi arizalardan BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida davlat boji undiriladi.


