Prezident tomonidan “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq, bundan buyon Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tergovchilari ham dastlabki tergovni amalga oshiradi.
Departament tergovchilari quyidagi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlar boʻyicha dastlabki tergovni amalga oshiradi:
- valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish;
- soxta toʻlovga qobiliyatsizlik;
- toʻlovga qobiliyatsizlikni yashirish;
- qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish;
- juda koʻp miqdorda soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash;
- isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish juda koʻp miqdorda;
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud badanga oʻrtacha ogʻir yoxud ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa;
- etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanishi yoki ishlab chiqarilishi.
Departamentning Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi:
- byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka, byudjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi;
- byudjet tizimi byudjetlarining xarajatlari ijrosi;
- byudjet tizimi byudjetlarining mablagʻlari hisobidan toʻlovlarni amalga oshirishning navbatliligi, muddatlariga rioya etilishi va toʻliqliligi;
- byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlarining maqsadli sarflanishi;
- rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun markazlashtirilgan manbalardan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi;
- Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik muassasalari tomonidan chet el valyutasidagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi;
- pensiyalar va nafaqalar toʻgʻri tayinlanishi, hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
- byudjet subsidiyalari, ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi;
- Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (karzlardan) maqsadli foydalanilishi;
- insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan maksadli foydalanilishi;
- davlat xaridlari boʻyicha tender (tanlov) savdolarining toʻgʻri oʻtkazilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2025 yil 26 fevraldan kuchga kirgan.


