Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi. Prezident tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda tashkil etilgan uzumchilik va bogʻdorchilik plantatsiyasini borib koʻrdi.
Prezident matbuot xizmatining taʼkidlashicha, ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer edi. Qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida ming gektar yangi manba paydo boʻlgan. Buning uchun quduqlar va hovuzlar qazilib, tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan. Bunda foydalanilgan uskuna va quvurlar ham toʻliq mahalliy mahsulot hisoblanadi.
Oʻzlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bogʻda olma, gilos, oʻrik koʻchatlari oʻtqazilmoqda.
Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulgʻor qalampiri, bodring, koʻkatlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi.
“Fargʻona qishloq xoʻjaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi oʻzgarayapti, dehqonlar eksportga chiqayapti. Lekin kechagi natija bugunga toʻgʻri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda boʻlishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bogʻ boʻldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda koʻp. Bu imkoniyatlarni “inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yoʻnaltirish kerak. Vodiy gavhari Fargʻona bunda namuna boʻlishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, bu yer zamonaviy agrosanoat majmui boʻladi — 1 ming 500 tonna sigʻimli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bogʻ va tokzorlar aholiga boʻlib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Davlat rahbari shu yerda fargʻonalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.
“Bu bogʻ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi. Mulkdor qancha koʻp boʻlsa, masʼuliyat koʻp boʻladi, xaridorlarning, chet ellik hamkorlarning tadbirkorga ishonchi boʻladi, odamlar koʻproq daromad oladi”, — dedi Prezident.
Hududda 3 mingdan ortiq ish oʻrni ochilishi aytildi. Ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ishga olinadi. Prezident shunday ishchilar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Fargʻona viloyatida meva-sabzavotchilik va gulchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimot qilindi.


