Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Rossiya gazining oʻrnini bosish imkoni hozircha yoʻq” — Qatar energetika vaziri

Al-Kaabining taxminicha, Rossiyaning gaz uchun toʻlovni rublda talab qilishi uzoq muddatli shartnomalarga taʼsir qilmaydi.

Foto: “dohanews.co”

Qatar energetika vaziri Saad bin Sharid al-Kaabining aytishicha, Rossiya gazining oʻrnini bosish hozircha “deyarli imkonsiz”. Bu haqda u CNN telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Vazirning fikricha, Qatarning hozirgi gaz quvvati Yevropa talabini qondira olmaydi.

“Biznes nuqtai nazaridan, biz tomonlarni tanlamaymiz, biz tadbirkorlar sifatida ishlaymiz va oʻz ishimizni qilamiz”, — dedi al-Kaabi.

Energetika vaziri Yevropa har doim Qatar uchun muhim bozor boʻlib kelganini taʼkidladi. Al-Kaabining soʻzlariga koʻra, Qatar kelajakda Yevropani gaz bilan taʼminlaydi, biroq hozir koʻhna qitʼa uchun Rossiya gaziga muqobil yoʻq.

“Ayni damda zudlik bilan yordam bera olmaymiz deb oʻylayman. Energiya taʼminotida Rossiyaning oʻrnini hech kim egallay olmaydi”, — dedi u.

Shuningdek, energetika vaziri Rossiyaning gaz uchun toʻlovni rublda talab qilishi harbiy vaziyatga munosabat ekanini va uzoq muddatli shartnomalarga taʼsir qilmasligini taxmin qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 23 mart kuni “Gazprom”ga shartnomalarni “nodoʻst davlatlar” uchun rublda amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berdi va bu qarorni Rossiyaning xorijdagi aktivlari muzlatilishi bilan izohladi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, Rossiya tovarlarini Yevropa Ittifoqi va AQSHga yetkazib berish hamda toʻlovni dollar va yevroda olish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Avvalroq Germaniya Rossiya energiyasiga darhol embargo qoʻya olmasligi xabar qilingandi. Shuningdek, Putinning bayonotidan soʻng Yevropada gaz narxi keskin koʻtarilgani haqida xabar berildi.