Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Xalqimiz qachon rozi boʻladi? Soliq kam boʻlib, daromadi oshsa” — Prezident soliq yukini kamaytirish vazifasini qoʻydi

Yigʻilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qoʻmitasida sohani takomillashtirish boʻyicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mulk soligʻi stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.

Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan.

“Biz inson qadrini ulugʻlashni eʼlon qildik, xalqimizni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Xalqimiz qachon rozi boʻladi? Soliq kam boʻlib, daromadi oshsa”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taʼkidlanishicha, 2026 yil borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023 yildan qoʻshilgan qiymat soligʻini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish moʻljallangan.

Yigʻilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi. Davlat rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini taʼkidladi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, buning natijasida jarayonlar toʻliq avtomatlashtiriladi, “yashirin iqtisodiyot” hajmini kamaytirish uchun soliq toʻsiqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.