Rossiya Havo transporti federal agentligi (“Rosaviatsiya”) vakili Valeriy Kudinov Xitoy Rossiyaga samolyot qismlarini yetkazib berishdan bosh tortganini maʼlum qildi. Bu haqda “Kommersantʼ” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Rossiya samolyot qismlari yetkazib beruvchilarni Turkiya va Hindiston kabi boshqa davlatlardan izlaydi.
Kudinov, shuningdek, samolyotlarning bir qismini ijaraga beruvchilarga qaytarish kerakligini, ammo qaysi havo kemalar qaytarilishini aviakompaniyalar hal qilishini aytdi. Uning aytishicha, Rossiya samolyotlari bilan bogʻliq vaziyat aviachiptalar narxiga taʼsir qilmaydi.
Kudinovning qoʻshimcha qilishicha, bir oy ichida 180 ga yaqin samolyot Rossiya fuqarolik havo kemalari davlat reyestriga oʻtkazilgan, jumladan, “Aeroflot”, “Pobeda”, Utair, “Rossiya” va “Ijavia”aviakompaniyalarining samolyotlari. Bungacha Rossiya reyestrida 70 ga yaqin samolyot bor edi.
Bundan tashqari, 10 mart kuni Rossiya Transport vazirligi xorijiy kompaniyalardan ijaraga olingan xorij samolyotlarini mamlakatda saqlab qolishni taklif qildi.
Qayd etish kerakki, 26 fevral kuni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar paketi doirasida Rossiyaga samolyotlarni yetkazib berish, sotish, lizingga berish, texnik xizmat koʻrsatish va sugʻurta qilishni taqiqlagandi. Bunga javoban “Rosaviatsiya” Rossiya aviakompaniyalariga xorijda samolyotlarning ommaviy hibsga olinishi fonida barcha xalqaro reyslarni toʻxtatishni tavsiya qildi. “Aeroflot”, “Pobeda” va S7 Airlines tavsiyani amalga oshirgan.
Avvalroq AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab oʻtadigan Xitoy kompaniyalarini ogohlantirgani xabar qilingandi. Shuningdek, Boeing Rossiyadan titan sotib olishni toʻxtatgani haqida xabar berildi.


