Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov va Project C.U.R.E. kompaniyasi prezidenti Duglas Jekson oʻrtasida Orolboʻyi mintaqasiga 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskuna va tibbiy buyumlar yetkazib berish boʻyicha avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Orolboʻyi hududi uchun moʻljallangan navbatdagi gumanitar yuklar ortilgan konteynerni Oʻzbekistonga joʻnatilishi tashkil etildi.
“Dunyo” muxbirining xabar berishicha, Project C.U.R.E. rahbariyati bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi soʻroviga binoan shakllantirgan insonparvarlik yukining umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etgan.
Yuk tarkibi elektrogidravlik operatsiya stollari, gemodializ apparatlari, ultratovush tadqiqot uskunalari, rentgen skanerlari, intensiv terapiya inkubatorlari, defibrillyatorlar, laboratoriya anjomlari, tibbiy kislorod ballonlari va boshqa asbob-uskunalardan iborat.
Elchixona tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarda qayd etilishicha, begʻaraz yordam yuklari ortilgan konteyner AQSH-Italiya–Gretsiya–Gruziya–Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻyicha dengiz va quruqlik yoʻllari orqali Qoraqalpogʻistonga yetkaziladi. Yukni manzilga yetkazib berish 2022 yil aprel oyining oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, Project C.U.R.E. nodavlat-notijorat tashkiloti 1987 yilda tashkil etilgan boʻlib, u rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tanqisligini bartaraf etish borasida koʻmak koʻrsatadi. NNT AQSHning 6 shtatida oʻzining yirik tarqatish markazlariga ega. Har yili Project C.U.R.E. tomonidan 40 futlik 200 tadan ortiq konteyner shakllantiriladi.
2022 yil may oyida Project C.U.R.E. loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash tashkilotlariga tibbiy materiallar, asbob-uskunalar, mobil ventilyatorlar va tibbiy buyumlarni oʻz ichiga olgan insonparvarlik yordamining birinchi turkumi joʻnatilgan edi.
Oʻzbekistonning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasi Orolboʻyi mintaqasiga insonparvarlik yordamining bundan keyingi turkumini tayyorlashning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida Project C.U.R.E. loyihasi vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda.


