Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Imtiyozli kredit, boj va soliq yengilliklari: Prezident ekologik holatni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi

2022 yilda maishiy chiqindi toʻplash qamrovini 95 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Prezident 2022 yilda maishiy chiqindi toʻplash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga, xususiy sektor ulushini 50 foizga yetkazish vazifasini qoʻygan. Buning uchun import qilinadigan maxsus texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yilga ozod etiladi.

Shuningdek, saralash va qayta ishlash texnikasi xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, chiqindini qayta ishlashga qodir klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi hamda klasterlarni tashkil etish tartibi qayta koʻrib chiqiladi, ularga oʻz hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qoʻyiladi.

Xabarga koʻra, 2022 yil 1 martga qadar 51 tuman va shaharda xususiy sherikchilik asosida jami 38 ta korxona tashkil etish boʻyicha tanlovlar boshlanadi, yil yakuniga qadar ushbu hududlar uchun 500 ta maxsus transport xarid qilinadi. 1 oktyabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 mingta, kelgusi yil 1 mayga qadar 11 mingta konteyner oʻrnatiladi.