Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Texnologiya

Tesla Cybertruck ishlab chiqarishni yana kechiktirdi

Kechikishga global yarimoʻtkazgich yetishmovchiligi sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

Foto: “akket.com”

Tesla Cybertruck ishlab chiqarish sanasini yana kechiktirdi. Bu haqda The Verge xabar berdi.

Teslaʻning Cybertruck elektr yuk mashinasi birinchi marta 2019 yilda taqdim etilgan, ishlab chiqarish 2021 yil oxirida boshlanishi kutilgandi. 2021 yilning avgust oyida esa reliz 2022 yilga qoldirilgan.

Edmunds avtomobil saytining taʼkidlashicha, Tesla veb-saytining Cybertruckʻga buyurtma berish mumkin boʻlgan sahifasida “siz oʻz konfiguratsiyangizni 2022 yilga yaqinroq qura olasiz” qatori yoʻqolgan. Endi uning oʻrniga “siz konfiguratsiyangizni ishlab chiqarish boshlanishiga yaqinroq yigʻa olasiz” degan ibora mavjud.

Ishlab chiqarishning kechikishi koʻp sabablarga koʻra boʻlishi mumkin. Jumladan, global yarimoʻtkazgich inqirozi barcha avtomobil markalariga taʼsir qilgan. Undan tashqari, Cybertruckʻning oʻziga xos muammolari bor. Xususan, elektr yuk mashinasining dizayni ulkan old oyna uchun tozalagich loyihalashtirishni qiyinlashtiradi.

Kompaniyaning raqobatchilari oʻzlarining elektr yuk mashinalarini faol ravishda ishlab chiqmoqda. Masalan, Ford 2022 yilning bahorida oʻzining F-150 Lightning elektromobili sanoatini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Rivian oʻzining R1T modelini xaridorlarga yetkazib berishni allaqachon boshlagan.

Avvalroq Amerikalik erkak Teslaʻda kriptovalyuta “qazib olish”ni boshlagani xabar qilingandi. Shuningdek, Tesla bolalar uchun kvadrotsikl ishlab chiqqani haqida xabar berildi.