Oʻzbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalariga 2022 yilning 1 iyuligacha baʼzi soliq turlarini foizsiz boʻlib toʻlashga ruxsat berilgan. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, umumiy ovqatlanish korxonalari (restoran, kafe, oshxona va h.k.) bir qator soliqlar boʻyicha 2021 yil 15 avgust holatiga mavjud qarzdorlikni va barcha soliqlar boʻyicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulgacha foizlarsiz kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlashi mumkin.
Qayd etilishicha, kechiktirib toʻlashga ruxsat berilgan soliqlar quyidagilardan iborat:
- aylanmadan olinadigan soliq;
- foyda soligʻi;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
- yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yigʻimlar.
Avvalroq DSQ soliq toʻlovchilarga eslatma bilan chiqqani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda soliq imtiyozlarini nazorat qilish uchun “E-imtiyoz” axborot tizimi yaratilgani haqida xabar berildi.


