Rossiyalik aralash yakkakurash kurashchisi Xabib Nurmagomedov bilan hamkorlikda “M-it grupp franchayzing” kompaniyasi M-eat by Khabib fast-fud restoranlar tarmogʻini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda uning vakili “Vedomosti”ga maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, tarmoqning birinchi korxonasi allaqachon “Moskva-siti” biznes markazidagi “Poytaxtlar shahri”da ochilgan. May oyining oxiriga qadar kompaniya Moskvada yana 14 ta shoxobchani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Uning vakili aniq manzillarni aytmagan, lekin bitta muassasa ochilishiga sarmoya kiritish 2–3 million rublni tashkil etishiga aniqlik kiritgan.
Taʼkidlanishicha, ushbu loyihaning umumiy qiymati, Moskva shahrida allaqachon ochilgan restoranni hisobga olmaganda, birinchi bosqichda 28–42 million rublni (360–550 ming dollar) tashkil qiladi.
Shuningdek, “M-it grupp franchayzing” restoran tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha katta rejalarga ega. U 2023 yil oxirigacha beshta davlatda, jumladan Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida 150 ta savdo nuqtalarini ochishni kutmoqda. Kompaniya ushbu mamlakatlarda franchayzlarni qidirmoqda.
Bundan tashqari, Rossiyada kompaniya Markaziy federal okrugning boshqa mintaqalariga, shuningdek, Shimoliy Kavkazga kengayishni koʻrib chiqmoqda. M-eat by Khabib, shuningdek, keyinchalik oʻz mahsulotlarini yirik chakana savdo doʻkonlarida sotishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq restoranlar 1 iyulgacha foizsiz boʻlib toʻlashi mumkin boʻlgan soliqlar haqida xabar berilgandi.


