Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Markaziy bank biometrik maʼlumotlarni saqlash boʻyicha yangi talablarni joriy etdi

Oʻzgartirishlar moliya bozorida biometrik maʼlumotlarni saqlash boʻyicha yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish hamda axborot va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank mijozlarni identifikatsiya qilishda foydalaniladigan biometrik maʼlumotlarni saqlash boʻyicha yangi talablarni joriy etdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli qaror 1 avgust kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirgan.

Yangi talablarga koʻra, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar, faktoring elektron platformalari hamda kredit byurolari mijozlarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilishda foydalaniladigan jismoniy shaxslarning biometrik maʼlumotlarini faqat Oʻzbekiston hududida saqlashi shart.

Shu bilan birga, biometrik boʻlmagan boshqa turdagi shaxsga doir maʼlumotlarni “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonun talablariga muvofiq Oʻzbekiston hududidan tashqarida saqlash va ularga ishlov berishga ruxsat beriladi.

Markaziy bank qayd etishicha, oʻzgartirishlar moliya bozorida biometrik maʼlumotlarni saqlash boʻyicha yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish hamda axborot va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Bundan oldin Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir maʼlumotlar bir xil darajada himoya qilinishini taʼminlovchi chet davlatlar roʻyxatini tasdiqlagandi. Roʻyxatga jami 49 ta mamlakat kiritilgan boʻlib, ularga xalqaro kelishuvlar asosida ishlovchi axborot tizimlari orqali shaxsga doir va egasizlantirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organni xabardor qilmasdan uzatish mumkin boʻladi.