Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Soliq organlarining P2P monitoringi qanchalik qonuniy?

Yaqinda fuqarolarning shaxsiy bank kartalari boʻyicha operatsiyalari soliq organlari tomonidan tahlil qilinayotgani maʼlum boʻldi. Soliq qoʻmitasi bu oʻrganishlar yuridik shaxslarning rahbar xodimlariga tegishli bank kartalariga taalluqli ekanini bildirdi.

Soliq qoʻmitasining harakatlari bir muhim savolni oʻrtaga tashlaydi: ushbu maʼlumotlar banklardan soliq organlariga qanday tartibda va qanday huquqiy asos bilan taqdim etilmoqda? “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasiga koʻra, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar soliq organlariga bank mijoziga soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonunchilikka muvofiq taqdim etiladi. Kalit ibora — “qonunchilikka muvofiq”. Qaysi qonunchilik? Qaysi normativ-huquqiy hujjatga muvofiq? Qaysi tartib boʻyicha? Aynan shu savolni huquqiy nuqtayi nazardan tahlil qilish — mazkur maqolaning mavzusidir.

Qabul qilinmagan tartib

Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida: “Soliq organi tomonidan bankka soʻrov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining soʻrovlariga koʻra axborot taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” deb yozilgan.

Bu – qonun chiqaruvchi oʻzi belgilab qoʻygan qoidadir. Eʼtibor bering, qonun chiqaruvchi (Oliy Majlis) bu masalada ikkita muhim qoidani oʻrnatgan:

Birinchisi: banklar tomonidan soliq organlariga maʼlumot taqdim etiladi (134-moddaning umumiy majburiyati).

Ikkinchisi: bu qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi (134-moddaning 5-qismi).

Demak, qonun chiqaruvchi oʻzi bu masalaning muhimligini tan olgan va uni shunchaki texnik masala emas, balki alohida rasmiy tartibni talab qiladigan masala deb baholagan. Shu bois, u aniq tartibni oʻzi yozmasdan, ijro hokimiyati – Vazirlar Mahkamasiga topshirgan.

Biroq Vazirlar Mahkamasining bunday qarori hozirgi vaqtgacha qabul qilinmagan.

Holat quyidagicha shakllanadi: qonunda majburiyat bor, tartib ishlab chiqilishi shart deb yozilgan, lekin tartibning oʻzi yoʻq. Bunday sharoitda bank tomonidan fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlari soliq organiga taqdim etilishi qanchalik qonuniy?

Javob berishdan oldin bu tartib qanday qabul qilinishi kerak boʻlganini va mavjud holatning huquqiy poydevorini koʻrib chiqamiz.

Bunday tartib qanday qabul qilinishi kerak edi?

Alohida taʼkidlash zarur: Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori – oddiy idoraviy buyruq emas. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni bunday hujjatni qabul qilishning jarayonini belgilab qoʻygan.

Ushbu jarayon quyidagi majburiy bosqichlarni oʻz ichiga oladi.

1-bosqich — qaror loyihasini ishlab chiqish.

2-bosqich — loyihaning omma muhokamasiga qoʻyilishi. Qonunga koʻra, fuqaro huquqlariga daxldor loyihalar omma muhokamasiga majburiy ravishda qoʻyilishi kerak. Bank siri va shaxsga doir maʼlumotlarga tegishli loyiha aynan shunday toifaga kiradi.

3-bosqich — fuqarolar, nodavlat tijorat va notijorat tashkilotlari, ekspertlar, manfaatdor taraflar tomonidan eʼtirozlar va takliflar taqdim etilishi.

4-bosqich — qabul qilingan eʼtirozlarning koʻrib chiqilishi va har biriga asosli munosabat bildirilishi (qabul qilish yoki asosli inkor etish).

5-bosqich — Adliya vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi;

6-bosqich — tartibga solish taʼsirini baholash: loyihaning tadbirkorlikka, iqtisodiyotga, fuqaro huquqlariga taʼsirini hisoblab chiqish;

7-bosqich — loyihaning manfaatdor davlat organlari bilan majburiy tartibda kelishilishi.

8-bosqich — vakolatli organ tomonidan qabul qilinishi, rasmiy eʼlon qilinishi va qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida roʻyxatdan oʻtkazilishi.

Ushbu barcha bosqichlardan oʻtgan va qonuniy kuchga kirgan hujjat huquqiy tartib sifatida tan olinadi va amalda qoʻllanishi mumkin.

Hozirgi vaziyatda fuqaro huquqlariga jiddiy daxldor boʻlgan ushbu masala boʻyicha qaror loyihasi omma muhokamasiga qoʻyilmagan, eʼtirozlar yigʻilmagan, koʻrib chiqilmagan, ekspertizalardan oʻtkazilmagan va qabul qilinmagan.

Huquqiy poydevor: klassik prinsiplar nima deydi?

Endi, huquqshunoslik nuqtayi nazaridan. Yuqorida keltirilgan holat, yaʼni davlat organining moddiy vakolati mavjud, lekin protsessual tartibi belgilanmagan – bu Rim huquqidan buyon mavjud boʻlgan va zamonaviy huquqda toʻliq amal qiladigan klassik prinsiplar bilan tavsiflanadi.

Davlat organining vakolati ikki normativ asos bilan birgalikda amal qiladi: moddiy norma (vakolatning oʻzini belgilovchi qoida) va protsessual norma (vakolatni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoida).

Bu ikki element bir-biridan ajratib boʻlmaydigan birlikni tashkil qiladi.

Lex imperfecta — tugallanmagan qonun. Bajariladigan harakatni belgilaydigan, lekin uni qanday amalga oshirish mexanizmini belgilamagan qonun. Bunday qonun yuridik jihatdan amal qiladi, lekin amalda mustaqil qoʻllanishi uchun mexanizm shart.

Lex dubia non obligat — shubhali qonun majbur qilmaydi. Bajarish tartibi nomaʼlum boʻlgan majburiyat ijro etilishi mumkin emas. Subyekt majburiyatning chegaralarini bilmasa, toʻliq ijro qilishning oʻzi mumkin emas.

In dubio contra fiscum — shubhalar fuqaro foydasiga. Ushbu prinsip Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 13-moddasida bevosita mustahkamlangan: “Qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq toʻlovchining foydasiga talqin qilinadi”.

Yuqorida keltirilgan prinsiplar biz koʻrib chiqayotgan masalaga qay tarzda tatbiq qilinadi?

Soliq kodeksining 134-moddasi bank va soliq organi orasidagi maʼlumot almashuvi majburiyatini belgilaydi – bu moddiy norma. Biroq ushbu majburiyatning qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilingan. Havola qilingan qaror qabul qilinmagan ekan, moddiy norma oʻzining protsessual ifodasini topa olmaydi. Bu – lex imperfecta holatidir.

Bunday holatda quyidagicha huquqiy xulosalarga kelish mumkin:

  • Lex dubia non obligat prinsipiga koʻra, shubhali tartib toʻliq majburiyat yuklay olmaydi.
  • In dubio contra fiscum prinsipiga koʻra, barcha noaniqliklar fuqaro foydasiga hal qilinadi.
  • Procedural ultra vires doktrinasiga koʻra, qonun belgilagan tartib boʻlmagan holda amalga oshirilgan harakat huquqiy kuchga ega emas.

Bu yerda yana bir muhim jihatni taʼkidlash kerak. Soliq kodeksining 134-moddasi fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlariga tegishli. Yaʼni plastik karta operatsiyalari, toʻlovlar, qoldiqlar, kontragentlar shular jumlasidan. Bu maʼlumotlar orqali fuqaroning shaxsiy hayoti, iqtisodiy faoliyati, hatto sogʻligʻining holati haqida xulosa chiqarish mumkin. Shu bois ushbu maʼlumotlarni uzatish – oddiy maʼmuriy harakat emas, balki konstitutsiyaviy huquqlarga – shaxsiy hayot daxlsizligiga, yozishmalar siriga tegishli amallardir. Bunday ahamiyatli sohada protsessual aniqlik – talab emas, balki shartdir.

Xulosa

Banklar tomonidan shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etish tartibi qabul qilinmagani sababli, banklar tomonidan fuqarolarning ushbu maʼlumotlari soliq organlariga taqdim etilmasligi lozim deb hisoblaymiz.

Sababi Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilgan, ammo bu qaror hozirgi kungacha qabul qilinmagan. Demak, moddiy norma oʻzining protsessual ifodasini topa olmagan.

Shu bois, ushbu tartib qonun belgilagan yoʻl bilan, yaʼni maʼlumotlarni ochiqlash tartibi toʻgʻrisidagi loyiha ishlab chiqilib, omma muhokamasiga qoʻyilib, eʼtirozlar koʻrib chiqilib, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilib, ijtimoiy munosabatlarga taʼsiri oʻrganilib, rasmiy eʼlon qilinib, amaliyotga joriy qilingunga qadar, banklar oʻz mijozlarining shaxsiy hayotiga haqidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etish boʻyicha harakatdan tiyilishi lozim.

Tartib qanday talablarni qamrab olishi kerak edi?

Qonunchilikdagi “oq dogʻlar”ni aniqlash masalaning bir tarafi boʻlsa, ushbu “oq dogʻlar”ni bartaraf etish uning ikkinchi tarafidir. Bizning fikrimizcha, banklar va soliq organlari oʻrtasida bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar almashuvini tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasi qarori quyidagi asosiy jihatlarni qamrab olishi lozim. Ularning har biri – texnik tafsilot emas, balki “Bank siri toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning oʻzi talab qiladigan huquqiy majburiy shartdir.

1. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar tarkibi va ularning alohida toifalari. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasida bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar sanab oʻtilgan: mijoz operatsiyalari, hisobvaraqlari, omonatlari; bank xizmatlari koʻrsatish munosabati bilan olingan maʼlumotlar; seyf va binolarda saqlangan mol-mulk haqidagi maʼlumotlar; banklararo operatsiyalar boʻyicha maʼlumotlar. Tartibda ushbu toifalardan qaysi birlari va qanday hajmda soʻrov obyekti boʻla olishi aniq belgilanishi kerak.

2. Maʼlumot uzatish kanali va uning himoyasi. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasi bank sirini muhofaza qilish majburiyatini belgilaydi. Lekin muhofazaning texnik standartlari belgilanmagan. Tartibda: maxsus himoyalangan portal yoki davlat xizmatlari yagona platformasi orqali uzatish, shifrlash standartlari, sertifikatlash talablari, maʼlumotlarning ham uzatilayotganda, ham saqlanganda himoyalanishi koʻrsatilishi kerak.

3. Maʼlumot uzatish va qabul qilishga vakolatli shaxslar. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasi oshkor qilishni taqiqlaydi va buning majburiyatini aniq shaxslarga yuklaydi. Tartibda: bank tomonidan va soliq organi tomonidan vakolatli shaxslarning roʻyxati, ularning elektron raqamli imzo orqali identifikatsiyalanishi, shaxsiy javobgarlik chegaralari belgilanishi kerak.

4. Soʻrovning majburiy rekvizitlari. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasida soliq organlari maʼlumotlarni “soliq solish masalalariga taalluqli hollarda” soʻrashi mumkinligi aytilgan. Biroq “taalluqlilik” qanday tasdiqlanishi belgilanmagan. Tartibda soʻrovning majburiy rekvizitlari aniq koʻrsatilishi kerak: soliq nazorati shakli, uning raqami, sanasi, mijozning qaysi soliq masalasiga daxldorligi, maʼlumot soʻrashning asosi, va vakolatni tasdiqlovchi xujjatlar.

5. Maʼlumot hajmining mutanosibligi. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 15-moddasi taqdim etish chegarasini belgilaydi, lekin chegaraning oʻzi aniq koʻrsatilmagan. Tartibda: qancha davr uchun va qanday hajmda maʼlumot soʻralishi, mutanosiblik chegarasi, maqsadga muvofiqlik prinsipining qoʻllanishi aniqlashtirilishi kerak. Bu – Konstitutsiya darajasidagi ahamiyatli masala, chunki bank siriga doir maʼlumotlar, bu fuqaroning hayoti haqidagi maʼlumotlardir. Shaxsiy hayotga taalluqli maʼlumotlardan foydalanish esa shaxsiy hayotga aralashuv demakdir.

6. Javob shakli. Javob qanday formatda (shifrlangan, arxiv) taqdim etiladi? Maʼlumotlarning yaxlitligi qanday taʼminlanadi? Uzatilgan maʼlumotlarning oʻzgartirilmagani qanday kafolatlanadi?

7. Soʻrovni rad etish holatlari. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasi bankning taqdim etishni rad qilish huquqini tan oladi. Tartibda: bank rad etish huquqiga ega boʻlgan aniq holatlar, rad etish jarayoni, rad etilgan soʻrovning keyingi harakatlari belgilanishi kerak.

8. Soʻrovlar hisobi va izi. Har bir soʻrov va javobning qaysi tizimda qanday qayd etilishi, saqlanish muddati, mustaqil audit oʻtkazish imkoniyati, mijozning oʻz maʼlumotlariga oid soʻrovlar jurnali (reyestr)ga kirish huquqi belgilanishi kerak. Bu – bank sirini amalda muhofaza qilishning asosiy vositasidir.

9. Maʼlumotdan foydalanish chegarasi. Soliq organi olgan maʼlumotdan foydalanish maqsadlarining chegarasi, boshqa organlarga oʻtkazish boʻyicha cheklov, saqlash muddati, kafolatli yoʻq qilish tartibi.

10. Fuqaroning xabardor boʻlish huquqi. Fuqaroning oʻziga oid soʻrovlar haqida qanday yoʻl bilan bilib olish huquqi, shaxsiy kabinet orqali maʼlumot olish imkoniyati, soʻrovlar jurnaliga kirishning tartibi belgilanishi kerak.

11. Shikoyat va huquqiy himoya yoʻli. “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasi nizolarni hal qilishni umumiy tarzda qayd etadi. Tartibda: noqonuniy soʻrovga qarshi shikoyat qilish yoʻli, shikoyatni koʻrib chiquvchi organ, muddatlar, zararni tiklash tartibi, sud tartibidagi himoya imkoniyati aniqlashtirilishi kerak.

Yuqoridagi oʻn bitta jihat – bank sirini himoya qilishning huquqiy poydevorlaridir. Ularsiz amalga oshirilayotgan maʼlumot almashuvi – texnik jihatdan mumkin boʻlsa-da, huquqiy jihatdan mukammal asosga ega emas.