Jahon oltin kengashi (World Gold Council) maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil iyun oyida jahon markaziy banklari jami 51 tonna oltin xarid qilgan.
Maʼlum qilinishicha, iyun oyidagi eng faol xaridorlar qatorida Polsha Markaziy banki 19 tonna va Xitoy 15 tonna koʻrsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Oʻzbekiston esa 9 tonna oltin xarid qilib, uchinchi oʻrindan joy olgan. Shuningdek, xaridorlar roʻyxatida Qozogʻiston 7 tonna va Iordaniya 3 tonna bilan qayd etilgan. Gruziya va Gana banklari har biri 1 tonnadan oʻsishni koʻrsatgan.
Hisobotga koʻra, mazkur oyda eng koʻp oltin sotgan davlatlar Rossiya — 9 tonna hamda Turkiya — 2 tonna boʻlgan.
Taʼkidlanishicha, 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra, markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilish hajmi 102 tonnaga yetgan boʻlib, xaridlar asosan shakllanayotgan bozorga ega mamlakatlar tomonidan amalga oshirilgan.
Yarim yil davomida eng yirik xaridorlar roʻyxati quyidagicha:
- Polsha — 82 tonna;
- Oʻzbekiston — 41 tonna;
- Xitoy — 40 tonna;
- Qozogʻiston — 27 tonna.
Boshqa yirik xaridorlar qatoriga Chexiya 11 tonna, Singapur 10 tonna, Chili 8 tonna, Iordaniya va Gana 6 tonnadan kiritilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston oltin eksportini qisqartirib, gaz va benzin importini keskin oshirgani xabar qilingandi. Yanvar-iyun oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi hajmi 41 mlrd dollarga yetgan.


