Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyalar fraksiyalari yigʻilishida yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilmoqda.
Qonun loyihasiga koʻra, belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirgan haydovchilar uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish taklif etilgan. Bunday qoidabuzarlikni sodir etgan shaxslarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish hamda ularga maʼmuriy jazo qoʻllash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hujjat bilan avtomototransport vositasini vaqtincha olib qoʻyish jazo chorasini joriy etish, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishga berish, noqonuniy poygalarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish, shuningdek, yuk avtomobillarini tungi vaqtda yoʻl harakati ishtirokchilari uchun xavf tugʻdiradigan holatda toʻxtatib qoʻyish kabi qoidabuzarliklar uchun ham alohida maʼmuriy javobgarlik belgilash taklif etilgan.
Shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan yoki bu huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan yoʻl bezoriligi uchun amaldagi jazolarga qoʻshimcha ravishda transport vositasini musodara qilish yoki vaqtincha olib qoʻyish kabi huquqiy mexanizmlarni qoʻllash ham koʻzda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar taklif etilayotgan normalarning amaliyotdagi samaradorligi yuzasidan qator savollarni oʻrtaga tashladi. Xususan, xorijiy davlatlar tajribasi, yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish, chekka hududlarda svetoforlarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, yoʻl belgilari hamda tezlikni nazorat qiluvchi texnik vositalarni haydovchilarni oldindan ogohlantiruvchi hududlarga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
2026 yil iyun oyida Oʻzbekistonda qoʻpol yoʻl qoidabuzarliklari uchun transportni vaqtincha olib qoʻyish yoki musodara qilish choralarini joriy etish taklif qilingandi. Bu haqda YHXX boshligʻi Sherzod Ibragimov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qilgan.
U yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida idoralararo ishchi guruh tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi va davlat rahbariga taqdim etilganini qayd etgan.


