Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Byudjet soʻrovlaridagi asossiz xarajatlar qisqartiriladi

Oʻzbekistonda davlat byudjetini tuzish va ijro etish qoidalariga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, byudjet soʻrovlaridagi asossiz yoki samaradorligi past xarajatlarni qisqartirish mexanizmi joriy etildi.

Adliya vazirligi davlat byudjetini tuzish va ijro etish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Yangi normalar Byudjet kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlar asosida ishlab chiqilgan.

Unga koʻra, byudjet soʻrovlarida asossiz yoki samaradorligi past deb topilgan xarajatlar qisqartiriladi. Bu haqda bildirishnoma olgan tashkilotlar uch ish kuni ichida yangilangan byudjet soʻrovini taqdim etishi shart.

Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining mahalliy byudjetlarni rejalashtirishdagi roli kuchaytirildi. Ular daromadlar prognozi, xarajatlarning dastlabki hajmi hamda byudjetlararo transfertlar boʻyicha takliflarni shakllantirishda ishtirok etadi.

Yangi tartibga muvofiq, byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rivojlantirish dasturlari kamida uch yillik davr uchun ishlab chiqiladi. Ularda aniq natija koʻrsatkichlari va kutilgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik aks ettirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga byudjet ssudasi ajratish haqidagi talabnomalar besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va qabul qilingan qaror haqida arizachiga bir ish kuni ichida xabar beriladi. Shu bilan birga, davlat moliyasi barqarorligini baholash uchun umumiy fiskal balansni shakllantirish va hisoblash tartibi ham belgilandi.