Markaziy bank xabariga koʻra, ichki valyuta bozorini yanada rivojlantirish va banklar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish doirasida 2026 yil 10 avgustdan boshlab valyuta birjasidagi savdolar soat 17:00 ga qadar davom etadi. Hozirda savdolar 15:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Regulyatorning taʼkidlashicha, savdo sessiyasining uzaytirilishi banklarga kun davomida valyuta likvidligini yanada samarali boshqarish, mijozlarning toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish hamda xorijiy valyutadagi toʻlovlarning uzluksizligini taʼminlash imkonini beradi.
“Valyuta birjasidagi savdolar yakunlari asosida 74 ta xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan rasmiy kurslari har bir bank ish kuni soat 17:30 da Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Maʼlumot uchun, rasmiy valyuta kurslaridan buxgalteriya hisobi, statistika va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashda amaldagi tartibda foydalaniladi. Rasmiy kurslar Markaziy bank veb-saytining “Valyutalar kurslari arxivi” boʻlimida joylashtirib boriladi.
Avvalroq tadbirkorlar uchun valyuta operatsiyalarida yengillik joriy etilgani xabar qilingandi. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga 16 iyulda kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, tadbirkorlik subyektlari endilikda ichki valyuta bozoridan sotib olingan valyuta mablagʻlaridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz oʻzgartirishi mumkin.


