Kurs moslashuvchanligi oshgan
Hisobotda Oʻzbekistonning amaldagi valyuta kursi rejimini “boshqariluvchan” (crawl-like) toifadan “suzib yuruvchi” (floating) toifasiga qayta tasniflangani qayd etilgan. XVJ ekspertlari mazkur baholashni mamlakatda 2025 yil apreldan beri valyuta kursi moslashuvchanligi oshgani bilan izohlagan.
“Oʻzbekistonning de-yure (rasmiy) va de-fakto (amaldagi) valyuta kursi rejimi “suzib yuruvchi” (floating) hisoblanadi. Valyuta kursi mamlakat pul bozorida talab va taklif asosida shakllanadi”, deyiladi tahlilda.
XVJ mutaxassislari mamlakatda valyuta kursi moslashuvchanligi oshganini ijobiy baholagan. Moslashuvchanlik milliy valyuta kursining bozor sharoitlariga qarab oʻzgarish qobiliyatini ifodalaydi. Hisobotda bu orqali iqtisodiyotda tashqi shoklarning (tor va xizmatlar import-eksportidagi tebranishlar) salbiy taʼsirlarini yengillashtirish salohiyati kuchayishi bildirilgan.
“Suzib yuruvchi” kurs
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi valyuta kursi pozitsiyalari boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqqan. Xususan, olti oy davomida valyuta kursi tebranishi 2 foiz yuqori, 2 foiz quyi — oʻrtacha 4 foizlik koridordan chiqsa, erkin suzuvchi almashuv kursi deyiladi.
Agar tebranish 4 foizning ichida boʻlsa, boshqariladigan suzuvchi kurs sifatida koʻriladi. Yoki 1 foiz doirasida tebransa, boshqariladigan, qotgan yoki fiksatsiya qilingan kurs hisoblanadi.
XVJ 2025 yil aprelgacha Oʻzbekiston valyuta almashuv kursini “boshqariladigan” deya taʼriflab kelgan. Bunda kurs bozor taʼsirida oʻzgarsa-da, maʼlum darajada Markaziy bank nazorati saqlanib qolishi tushuniladi.
2025 yil davomida mamlakatda almashuv kursi tebranuvchanligi keskin oshgan. Yil davomida dollarning oʻrtacha kursi 12 575 soʻm darajasida shakllangan. Soʻmning xorijiy valyutaga nisbatan qiymati yuqoriga 429 soʻm oshib, pastga qarab 694 soʻmgacha tushgan. Oʻrtacha tebranish koridori 9 foiz atrofida shakllangan. Tebranish yuqoriligi valyuta kursi pozitsiyasini qayta koʻrib chiqishga turtki bergan.
Zaxiralar hajmi katta
2025 yil yakunida Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 66,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 45,1 foiziga teng. Mazkur qiymat 2026 yil uchun prognoz qilingan tovar va xizmatlar importining 12 oydan ortiq hajmini qoplashga yetadi.
XVJning qayd etishicha, Oʻzbekistonda xalqaro zaxiralar yetarliligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu hatto belgilangan mezonlardan ham ancha koʻp hisoblanadi.
“2025 yil yakuniga koʻra, mamlakatning xalqaro zaxiralari suzib yuruvchi valyuta kursi rejimi uchun qoʻllaniladigan XVJning Zaxiralar yetarliligini baholash koʻrsatkichining 347 foizini tashkil etdi. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (FRD) mablagʻlari hisobga olinmaganda ham bu koʻrsatkich 316 foizni tashkil etgan. Bu esa tavsiya etilgan 100–150 foizlik oraliqdan sezilarli darajada yuqoridir”, deyiladi hisobotda.
XVJ tahliliga koʻra, zaxiralar hajmi kattaligi respublikani tashqi iqtisodiy xatarlardan samarali himoya qilish imkonini beradi. Xom ashyo narxlari oʻzgaruvchanligi yoki eksportga boʻlgan tashqi talab tebranishi kabi xatarlar shular jumlasidandir.
Markaziy bankning valyuta bozoridagi ishtiroki
Markaziy bank Oʻzbekistonda qazib olinadigan oltinni sotib olish boʻyicha ustuvor huquqqa ega. U oltin uchun soʻm toʻlaydi va toʻlangan milliy valyuta iqtisodiyotga muomalaga chiqadi. Keyinchalik esa xorijiy valyutani sotish hamda boshqa pul-kredit vositalari orqali muomalaga chiqarilgan ortiqcha soʻmlarni qaytarib oladi (sterilizatsiya qiladi).
Markaziy bank valyuta bozorida qisqa muddatli keskin tebranishlarni yumshatish uchun xorijiy valyutani sotib oladi yoki sotadi (intervensiya). XVJ qayd etishicha, bu amaliyotlar valyuta kursining uzoq muddatli yoʻnalishini sunʼiy ravishda oʻzgartirishga qaratilmagan.
“Oltin xaridlari natijasida yuzaga keladigan ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish amaliyoti maqsadga muvofiq boʻlib qolmoqda”, deyiladi hisobotda.
XVJ valyuta intervensiyalarini amalga oshirishda Markaziy bank “betaraflik tamoyili” ga amal qilishga intilishini taʼkidlagan.
Kurs moslashuvchanligi muhim
XVJ Markaziy bankka valyuta kursining yuqori moslashuvchanligini saqlab qolish va pul bozori faoliyatini yaxshilashni tavsiya qilgan. Bu nafaqat tashqi iqtisodiy xatarlardan himoyalaydi, balki xalqaro zaxiralarni asrashga ham xizmat qilishi taʼkidlangan. Oʻz navbatida valyuta xatarlarini sugʻurtalash amaliyoti rivojlanishini ragʻbatlantiradi. Moslashuvchanlik inflyatsion targetlash rejimining samarali amal qilishini ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Hisobotda Oʻzbekistonda zarurat va xatarlarga asoslangan aniq valyuta intervensiyasi strategiyasini joriy etish maslahat berilgan. Mazkur chora bozorga ortiqcha va ixtiyoriy aralashuvlarni kamaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Valyuta bozoridagi likvidlikni oshirish pul likvidligini yanada samarali boshqarish va sterilizatsiya xarajatlarini kamaytirishga yordam berishi taʼkidlangan.
“Kapital harakati erkinlashgani sari, kapital hisobi bosqichma-bosqich liberallashtirilgani sayin bu masalaning ahamiyati yanada ortadi”, deyiladi hisobotda.


