2026 yil 27 martda qabul qilingan “Islomiy bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini taʼminlash doirasida Adliya vazirligi davlat roʻyxatidan oʻtkazgan 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Yangilangan hujjatlar orqali banklar va banklar guruhlarida tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi, tijorat banklarining koʻchmas mulk, boshqa mol-mulk hamda yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ulushlarni sotib olishiga oid talablar takomillashtirildi.
Shuningdek, bir qarz oluvchi yoki oʻzaro bogʻliq qarz oluvchilar guruhi, jumladan bank bilan aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdorini belgilash, tijorat banklarida korporativ boshqaruvni tashkil etish hamda banklarning Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasiga badallar toʻlashi tartibiga ham oʻzgartishlar kiritildi.
Adliya vazirligi qayd etishicha, mazkur huquqiy yangiliklar islomiy banklar faoliyatini tartibga solishning zamonaviy huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, sohada barqarorlikni taʼminlash va islomiy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi.


