Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Toshkent shahri va viloyatida biznes kayfiyati yaxshilandi — Markaziy bank

Regulyator tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, 2026 yil I choragida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tadbirkorlik muhiti yanada yaxshilandi.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank 2026 yil I choragi boʻyicha biznes kayfiyati tavsifini eʼlon qildi. Unga koʻra, 2026 yilning I choragida Oʻzbekiston boʻyicha biznes kayfiyati ijobiy dinamika bilan davom etgan.

Hududlarda oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra soʻrovda jami 2 487 ta tadbirkor ishtirok etib, tadbirkorlarning iqtisodiy faollik, biznes muhiti va bandlik boʻyicha baholari ijobiy va barqaror shakllanayotganini koʻrsatdi. Soʻrovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 64 foizi joriy biznes shart-sharoitlarini oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yaxshilangan deb baholadi (2025 yil I chorakda 56 foiz). Bu koʻrsatkichning soʻnggi ikki yil davomida oʻrtacha 50 foizdan yuqori darajada shakllanayotgani tadbirkorlar ishonchi barqaror saqlanayotganini anglatadi.

Tadbirkorlar biznes muhitidagi eng muhim ijobiy oʻzgarishlar sifatida bank xizmatlari sifati va raqobat muhiti yaxshilangani, litsenziya olish jarayonlari soddalashgani hamda maʼmuriy aralashuvlar biroz kamayganini qayd etishdi. Shu bilan birga, monopollashuv darajasi, soliq maʼmurchiligi, energetika taʼminoti va bojxona tariflari boʻyicha holat oʻtgan yil darajasida saqlanib qoldi.

Iqtisodiy faollik koʻrsatkichlarining ijobiy shakllanishi I chorakning asosiy xususiyatlaridan biri boʻldi. Yuk tashish hajmlari, qoʻshimcha ishchi kuchiga boʻlgan talab hamda ishlab chiqarish va buyurtma hajmlari oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi oʻtgan yilning mos choragiga nisbatan 8–10 foizga koʻpaydi. Ayniqsa, buyurtmalar koʻpayganini bildirganlar ulushi 11 foiz bandga oshib, 57 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Toshkent viloyati, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlarida yaqqol namoyon boʻlib, bunga asosan ishlab chiqarish, turizm, taʼlim, umumiy ovqatlanish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari asosiy hissa qoʻshdi.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan yuqori foydalanish darajasi Fargʻona va Buxoro viloyatlarida sezilarli oshgan boʻlsa, Xorazm, Andijon, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida pasaydi. Energiya taʼminotidagi uzilishlar, soliq tizimidagi murakkabliklar, ichki talabning yetarli emasligi, yonilgʻi narxlarining qimmatlashishi va aylanma mablagʻlarning kamligi toʻliq quvvatda faoliyat yuritmaslikning asosiy sabablari sifatida qayd etildi. Mehnat bozorida faollik barqaror darajada shakllanib, aksariyat korxonalarning qoʻshimcha ishchi kuchiga boʻlgan talabi koʻpaygani taʼkidlandi. I chorakda ishchi kuchiga talabi oshganini bildirgan tadbirkorlik subyektlari ulushi oʻtgan yilning mos choragiga nisbatan 5,6 foiz bandga oshib, 50,4 foizga yetdi.

Kelgusi choraklarda Andijon, Namangan, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida qoʻshimcha ishchi kuchiga talabning yuqori darajada ortishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish, qurilish, turizm va qishloq xoʻjaligi sohalarida bu koʻrsatkich boshqa yoʻnalishlarga nisbatan yuqoriroq shakllanishi mumkin. Moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha soʻnggi uch oy davomida qarz majburiyatlari oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi biroz kamayib, 38 foizni tashkil etdi. Shunday boʻlsada, qoʻshimcha kreditlarga boʻlgan talab borasidagi kutilmalarda oʻsuvchi tendensiyalar saqlanib qolmoqda – respondentlarning 49 foizi kelgusida qarz majburiyatlari oshishini kutmoqda. Kredit resurslariga eng yuqori ehtiyoj qurilish, ishlab chiqarish, maishiy xizmat, qishloq xoʻjaligi va umumiy ovqatlanish yoʻnalishlarida qayd etildi. Umuman olganda, tadbirkorlarning 71 foizi kelgusi davrda makroiqtisodiy sharoitlar yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Bu koʻrsatkich tadbirkorlik subyektlarida iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga ishonchning yuqori darajada saqlanayotganidan darak beradi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida respondentlarning 60 foizi biznes shart-sharoitlarini yaxshilangan deb baholadi. Bu koʻrsatkich 2025 yilning mos choragiga nisbatan 14 foiz bandga oshdi. Xususan, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, kommunal xizmatlar va taʼlim sohalarida biznes muhiti yaxshilanganini taʼkidlaganlar ulushi sezilarli koʻpaydi. Bank xizmatlari sifati va kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti, litsenziya-guvohnoma, maʼmuriy aralashuvlar hamda elektr energiyasi taʼminotida ijobiy oʻzgarishlar qayd etildi. Buyurtmalar va ishlab chiqarish hajmining oshganini qayd etganlar ulushi oʻtgan yilning mos ravishda 11 va 17 foiz bandga yuqori shakllandi. Tadbirkorlarning 53 foizi energiya isteʼmoli oshganini maʼlum qildi. Mehnat bozori ham faollashib, qoʻshimcha ishchi kuchiga talab koʻpayganini bildirganlar ulushi 16 foiz bandga oshdi. Kelgusi uch yilda tadbirkorlarning 70 foizi iqtisodiyot va biznes muhitining yaxshilanishiga ishonch bildirgan.