Mamlakatda chakana va ulgurji savdo aylanmasi hajmi toʻrt oyda 320 trln soʻmdan oshdi. Statistika qoʻmitasi bu koʻrsatkich bir yil avvalgidan sezilarli darajada yuqori ekanini maʼlum qildi.
Chakana savdo hajmi keskin oʻsgan
2026 yil 1 may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 101,2 mingta korxona chakana savdo sohasida faoliyat yuritmoqda. Shundan 558 tasi yirik, 100,6 mingtasi kichik korxona va mikrofirmalar hisoblanadi.
Yanvar-aprel oylarida respublikada chakana savdodagi tovar aylanmasi hajmi 165,86 trln soʻmga yetgan. Bu 2025 yil mos davriga nisbatan qariyb 22,9 foizga koʻp.
Toʻrt oy davomida yirik korxonalar savdo aylanmasi 29,5 trln soʻmni (oʻsish surʼati 26,1 foiz), kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari “oborot”i 113,8 trln soʻmni tashkil etdi (oʻsish 21,3 foiz).
Hududlar kesimida Qoraqalpogʻistonda savdo hajmi eng tez oʻsgan — 37,5 foiz. Eng past darajadagi oʻsish surʼati Toshkent viloyatida kuzatilgan — 4,6 foiz.
Ulgurji savdo hajmi
May oyi boshida mamlakatda 57,3 mingta ulgurji savdo korxonalari faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Shundan 517 tasi yirik boʻlsa, 56,8 mingtasi kichik korxonalardir.
Yanvar-aprel oylarida ulgurji savdoda tovar aylanmasi 155,9 trln soʻmni tashkil etgan. Mazkur koʻrsatkich 2025 yil mos davriga nisbatan 12,7 foizga yuqori.
Toʻrt oy davomida yirik korxonalarning ulgurji savdo aylanmasi 44,8 trln soʻm (oʻsish 9,9 foiz), kichik biznes subyektlariniki esa 111,1 trln soʻm boʻlgan (oʻsish 13,9 foiz).
Ulgurji savdo aylanmasi hajmidagi eng tez oʻsish Fargʻona viloyatida (25,2 foiz), eng sekin oʻsish Namangan viloyatida (5,6 foiz) qayd etilgan.
Umumiy ovqatlanish korxonalari koʻrsatkichlari
2026 yil 1 may holatiga koʻra, mamlakatda 32,2 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari (kafe, restoran va boshqalar) faoliyat yuritmoqda. Shundan yiriklari 266 ta, kichiklari 32 mingtani tashkil qilgan.
Yanvar-aprel oylarida ular savdo aylanmasi 69,8 trln soʻmga yetgan (oʻsish 7,2 foiz). Savdo aylanmasining 79,8 foiz ulushi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga toʻgʻri kelgan.


