Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Mehnatga haq toʻlash miqdorini belgilashda kasaba uyushmalari ham ishtirok etadi

Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan platformalarda ishlovchi oʻzini oʻzi band qilganlarning huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini sugʻurtalash boʻyicha takliflarni hukumatga kiritish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.

Iqtisodiyot barqaror oʻsib, aholi turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori ham har yili koʻpaytirib borilmoqda. Ammo bu masalalar koʻpincha davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda.

Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasidan iborat uch tomonlama respublika komissiyasini ham jalb qilish taklif qilindi.

Bu mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish boʻyicha yangicha yondashuv boʻlishi qayd etildi.

“Inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli taʼlim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli taʼminlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur”, — dedi prezident.

Bugungi kunda 6 mlnga yaqin aholi oʻzini oʻzi band qilib, dasturchi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi oʻnlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda.

Koʻplab fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni oʻrgangani, mahallalarni “drayver” sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 mln oila oʻz xonadonida ishlab, daromad olayotgani taʼkidlandi.

Bu yoʻnalishlar iqtisodiy taraqqiyotning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanayotgani aytildi.

Kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi. Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda takliflarni hukumatga kiritish topshirildi.

Bunda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sugʻurtalash takliflar kiritiladi.

Oʻzbekistonda 1 avgustdan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming soʻm etib belgilangan. Shuningdek, shu sanadan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10% ga oshirildi.