Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga mablagʻlarni bir bank hisobidan boshqasiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish imkonini beruvchi Account-to-Account (A-A) pul oʻtkazmalarining yangi formati ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ushbu servis prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi farmoni ijrosi doirasida joriy etilmoqda hamda raqamli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish va foydalanuvchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Account-to-Account tizimi turli banklar mijozlarining hisobvaraqlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazmalarni taʼminlaydi. Bank kartalari raqamlaridan foydalaniladigan ommaviy P2P oʻtkazmalaridan farqli oʻlaroq, yangi format operatsiyalarni bevosita bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishni nazarda tutadi.
Bank kartasi rasmiylashtirilayotganda, u aynan shu kartaga bogʻlangan bank hisobvaragʻi asosida ochiladi.
«Bu boshqa karta emas va alohida yangi karta ochish talab etilmaydi. Bu — mavjud bank ilovangizda tanlanadigan oʻtkazma usuli boʻlib, pul oʻtkazishda xizmat turini tanlash orqali amalga oshiriladi. Bu — pul oʻtkazishning yangi usulidir», — deyiladi xabarda.
Servis ishlashi uchun zarur boʻlgan texnik infratuzilma Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan yaratildi.
Regulyator maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda servis barcha banklarda texnik jihatdan joriy etilgan. Shu bilan birga, amaldagi oʻtkazma usullari, jumladan, P2P saqlanib qoladi, A-A esa qoʻshimcha imkoniyat hisoblanadi.
Servisdan foydalanganlik uchun komissiya toʻlovlarini banklar oʻz tarif siyosati doirasida mustaqil ravishda belgilaydi. Ularning miqdori bankka va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Markaziy bank bozor iqtisodiyoti sharoitida regulyator komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmasligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, tariflarni shakllantirishda Axborotlashtirish bosh markazi ham ishtirok etmaydi, chunki u toʻlov xizmatlarini koʻrsatmaydi va mijozlar bilan bevosita aloqa qilmaydi.
Foydalanuvchilarga pul oʻtkazishning eng qulay usulini tanlash uchun banklarning shartlari va komissiyalari bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi.


