Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda 10 dan ortiq banklar islomiy moliyalashtirishni yoʻlga qoʻyishga tayyorlanmoqda — MB raisi

2026 yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026−2030 yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.

Foto: Markaziy bank

Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni bank tizimiga islomiy moliyalashtirishni joriy etish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish, jumladan, murobaha (tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash rejasi boʻyicha sotish orqali moliyalashtirish), muzoraba (foyda taqsimoti yoki mablagʻ jalb qilish shartlari asosida moliyalashtirish), vakala (vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki jalb etish), salam va istisno (birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish), mushoraka (mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar), shuningdek, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish masalalari koʻrib chiqildi.

2026 yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026−2030 yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026−2030 yillarda qoʻshimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Ushbu sohada tizimli boshqaruvni taʼminlash uchun Markaziy bank tarkibida Islom moliya kengashi tashkil etiladi. Islom moliya xizmatlarini koʻrsatuvchi banklar tarkibida ham alohida kngashlar tashkil etiladi. Ushbu kengashlar standartlarni ishlab chiqadi, qoidalarni ishlab chiqishda yordam beradi, bahsli masalalar boʻyicha tushuntirishlar beradi, shartnomalar va ichki hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda muvofiqlikni monitoring qilishni taʼminlaydi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning “Oʻzbekiston 24” telekanaliga maʼlum qilishicha, ushbu yoʻnalish boʻyicha tegishli qonun qabul qilingandan soʻng regulyator qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va islomiy moliyalashtirish infratuzilmasini shakllantirishga kirishadi.

“Birinchi navbatda, Markaziy bankka kadrlar salohiyatini kuchaytirish — zarur hollarda, mutaxassislarni tegishli taʼlim muassasalarida oʻqitish va sertifikatlashni tashkil etish topshirildi, shunda islom moliyasi tamoyillari asosida ishlaydigan toʻlaqonli banklar paydo boʻlishi bilan regulyator bank tizimi barqarorligini taʼminlashga tayyor boʻladi. Shuningdek, xalqaro standartlar asosida qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi”, — dedi Ishmetov.

Timur Ishmetovning qoʻshimcha qilishicha, Markaziy bank hozirda islom moliyasi sohasidagi ikkita xalqaro tashkilotga buxgalteriya hisobi va audit hamda bank nazorati boʻyicha toʻlaqonli aʼzo boʻlgan.

Qonun imzolangandan soʻng, islomiy moliya mahsulotlarini ham ixtisoslashgan banklarda, ham anʼanaviy banklardagi “islom darchalari” orqali ishga tushirish rejalashtirilgan. “Buning uchun barcha qonunchilik cheklovlari allaqachon olib tashlangan”, — dedi u.

Maʼlum boʻlishicha, 10 dan ortiq bank bu yoʻnalishda ishlashga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. “Qonun kuchga kirgandan soʻng bank tizimida islomiy moliyalashtirish vositalaridan foydalanish bosqichma-bosqich kengaytirilishi kutilmoqda”, — deya qoʻshimcha qildi u.