Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Soʻmning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarini 6−7 foizga qisqardi

Aholining inflyatsion kutilmalari 2025 yil boshidagi 14,4 foizdan 11,5 foizga, tadbirkorlarniki esa 13,9 foizdan 11,1 foizga pasaydi.

Soʻmning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarini kamaytirdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil yakunlari boʻyicha Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Regulyatorning qayd etishicha, almashuv kursining mustahkamlanishi milliy valyutaga boʻlgan ishonchning oshishiga yordam berdi. 2025 yilda bank tizimidagi milliy valyutadagi depozitlar hajmi 44% ga oshib, 240 trln soʻmga yetdi.

Aholining inflyatsion kutilmalari 2025 yil boshidagi 14,4% dan 11,5% ga, tadbirkorlarniki esa 13,9% dan 11,1% ga pasaydi. Bunda kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi.

Shuningdek, depozitlar va kreditlarning dollarlashuv darajasida pasayish dinamikasi tezlashdi: kreditlar boʻyicha 41% dan 38% gacha, depozitlar boʻyicha 26% dan 22% gacha.

Davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlari oʻrtacha 6−7% gacha qisqardi.

Bundan tashqari, mijozlar tomonidan banklarga sotilgan valyutaning umumiy hajmi 35% ga oshib, $47 mlrdga yetdi.

2025 yil oktabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov soʻmning mustahkamlanishi hisobiga davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlari 1,3 trln soʻmga, korporativ qarzlar boʻyicha esa 3,6 trln soʻmga qisqarganini maʼlum qilgandi.