Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

Asosiy stavkani navbatdagi koʻrib chiqish 2026 yil 18 mart kuniga belgilandi.

Foto: Markaziy bank

2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi. Inflyatsiyaning pasayishiga qatʼiy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari taʼsirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qoʻshdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaydi.

Xizmatlar inflyatsiyasi maʼlum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari taʼsirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan toʻxtab, dekabr oyida biroz oʻsishi qayd etildi.

Ushbu omillar inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qatʼiy saqlab qolish zarurligini koʻrsatadi.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026 yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul oʻtkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar oʻsishi hamda isteʼmol talabini joriy yilda ham ragʻbatlantiruvchi omil boʻladi.

Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bogʻliq xatarlar hamda qish mavsumida taʼminotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy taʼsirlar nisbatan moʻtadil boʻlishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga oʻtdi, jahon iqtisodiyotida oʻsish surʼatlari kutilganidan yuqori shakllandi.

Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada oʻsishi kelgusida ham eksport tushumlari va byudjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul oʻtkazmalari subyektlarining qoʻllab-quvvatlanishi 2025 yilda soʻmning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu, import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi boʻyicha kutilmalar mavjud.

Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 6,5-7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Bank tizimida likvidlik profitsitining saqlanib qolishi fonida likvidlikni jalb qilish operatsiyalarini jadallashtirilishi pul bozori stavkalari asosiy stavkaga yaqin 13,5-13,8 foiz atrofida shakllanishini taʼminladi. Natijada, ijobiy real foiz stavkalar iqtisodiyotda milliy valyutadagi jamgʻarmalarni ragʻbatlantirib, pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtiruvchi omil boʻlib qolmoqda.

Yuqori yalpi talab omillari xususan, fiskal ragʻbatlantirishlar hamda yuqori chakana kreditlash surʼatlari sharoitida asosiy stavkani joriy qatʼiy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 18 mart kuniga belgilangan.