Soʻnggi choraklarda Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish surʼatlari salohiyatli darajadan yuqori boʻlmoqda, bu esa iqtisodiyotda qizib ketish alomatlari mavjudligidan dalolat beradi. Bu haqda 29 iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samigʻjon Inogʻamov maʼlum qildi.
Uning tushuntirishicha, iqtisodiy salohiyat deganda mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari doirasida taʼminlanishi mumkin boʻlgan iqtisodiy oʻsish surʼati nazarda tutiladi.
“Agar amaldagi iqtisodiy oʻsish ushbu salohiyatli darajadan yuqori boʻlsa, bu iqtisodiyotda qizib ketish alomatlari mavjudligini anglatadi. Biz bu haqda pul-kredit siyosati sharhlarida ham muntazam tushuntirish berib kelmoqdamiz. Soʻnggi choraklarda iqtisodiy oʻsish oʻzining salohiyatli darajasidan yuqori shakllanmoqda. Bu iqtisodiyotda qizib ketish alomatlari borligini koʻrsatadi”, — dedi Samigʻjon Inogʻomov.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga, birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra esa 8,5 foizga oʻsgan. Regulyator yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish 7,5−8 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Qayd etilishicha, bu koʻrsatkich avvalgi yillarga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi.
“Joriy yil yakunlari boʻyicha iqtisodiyot salohiyati darajasi qayta koʻrib chiqiladi. Katta ehtimol bilan u yuqori tomonga qayta baholanadi. Biz 2025 yil yakunlari boʻyicha oʻsish salohiyatini 6−7 foiz deb aytganimizda, avvalgi yillarda bu salohiyat yanada past boʻlganini ham hisobga olish kerak. Agar iqtisodiy oʻsish inflyatsiyaga sezilarli taʼsir koʻrsatmasa, unda ushbu salohiyat oshirilishi mumkin”, — dedi Inogʻomov.
MB 9−10 foizlik oʻsishga erishish mumkin deb hisoblaydi
Qatʼiy pul-kredit siyosati sharoitida iqtisodiy oʻsish surʼatini 9−10 foizga yetkazish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, Samigʻjon Inogʻomov bunday koʻrsatkich Oʻzbekiston uchun gʻayrioddiy yoki erishib boʻlmaydigan daraja emasligini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston iqtisodiyotining hozirgi holatidan kelib chiqib, 9−10 foizlik oʻsish gʻayrioddiy yoki erishishi qiyin boʻlgan daraja emas. Bu mutlaqo real iqtisodiy oʻsish surʼatidir”, — dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi vaqtlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarining tezlashishi inflyatsiyaning pasayishi bilan bir vaqtda kuzatilmoqda. Bu esa iqtisodiyotning salohiyatli imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat berishi mumkin.
“Agar yuqori iqtisodiy oʻsish iqtisodiyot salohiyatining kengayishi hisobiga taʼminlansa, u inflyatsiyaga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi”, — dedi Markaziy bank vakili.
Inogʻomovning fikricha, oʻrta muddatli istiqboldagi eng muhim vazifalardan biri — iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish uchun iqtisodiyot salohiyatini oshirishdir.
“Yaʼni investitsiyalar samaradorligini taʼminlash va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish zarur. Taklif omillarini qoʻllab-quvvatlash orqali narxlarga bosimni muvozanatlashtirish mumkin. Ikkinchi muhim yoʻnalish — mehnat unumdorligini oshirish. Mehnat unumdorligining oʻsishi bir vaqtning oʻzida ham yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini, ham past inflyatsiyani taʼminlash imkonini beradi”, — dedi u.
Yalpi talab yuqoriligicha qolmoqda
Markaziy bank vakilining maʼlum qilishicha, iqtisodiyotda yalpi talab hali ham juda faol boʻlib, yilning ikkinchi yarmida ham yuqori surʼatlarda saqlanib qolishi kutilmoqda.
“Bunga, bir tomondan, yuqori isteʼmol talabi, ikkinchi tomondan esa byudjet xarajatlarining oshirilishi sabab boʻlmoqda. Bu ham yalpi talabga muayyan bosim koʻrsatmoqda… Iqtisodiyotda talab omillari hali ham ustun boʻlib qolmoqda, bu esa Markaziy bankni qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishga majbur qilmoqda. Yaʼni ushbu omillar bosqichma-bosqich muvozanatga kelishi bilan pul-kredit sharoitlarining qatʼiylik darajasi ham asta-sekin yumshatiladi”, — dedi u.
Fiskal strategiyaga muvofiq, byudjet xarajatlarining koʻpayishi asosan infratuzilma dasturlarini jadallashtirish va investitsiyalar hajmini oshirishga yoʻnaltirilgan. Markaziy bank ushbu xarajatlarning taʼsirini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda oʻrganmoqda.
Markaziy bank vakilining tushuntirishicha, qisqa muddatda qoʻshimcha byudjet xarajatlari talabni va inflyatsiya bosimini kuchaytirishi mumkin. Biroq keyinchalik infratuzilmaga yoʻnaltirilgan investitsiyalar ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi va shu orqali narxlarga bosimni pasaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga oʻsdi. Biroq prezident 21 iyul kuni oʻtkazilgan yigʻilishda 40 million aholi turmush darajasini sezilarli yaxshilash uchun iqtisodiy oʻsish surʼatlari 9−10 foizga yetishi lozimligini taʼkidlagan edi. U vazirlar va hokimlardan hisobotlar bilan cheklanmasdan, aniq zaxiralar va amaliy natijalarni koʻrsatishni talab qildi.
Oʻtgan yil oxirida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasi ham Oʻzbekistonni oltindan tushayotgan daromadlar hisobiga davlat xarajatlarining keskin oʻsishini cheklashga chaqirgan edi. Aks holda, bu iqtisodiyotning va allaqachon yuqori boʻlgan talabning “qizib ketishi”ga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, joriy iqtisodiy vaziyat islohotlarni jadallashtirish hamda ehtimoliy tashqi zarbalarga bardoshlilikni oshirish uchun “xavfsizlik yostiqchasi”ni shakllantirishga qulay imkoniyat ekani taʼkidlangan.
Iqtisodiyotning “qizib ketishi” nima?
“Qizib ketish” — iqtisodiyotda talab mamlakatning uni qondirish imkoniyatlaridan (ishlab chiqarish quvvatlari, mehnat resurslari, infratuzilma) tezroq oʻsadigan holatdir.
Boshqacha aytganda, talab mamlakat ishlab chiqara oladigan tovarlar yoki koʻrsata oladigan xizmatlar hajmidan oshib ketsa, ikkita asosiy muammo yuzaga keladi:
- Inflyatsiya. Ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar talabni oʻz vaqtida qondira olmagani uchun narxlarni oshiradi. Bu esa inflyatsiyaning kuchayishiga olib keladi.
- Valyuta kursining mustahkamlanishi. Import tovarlari va xizmatlariga talab yuqori boʻlgan sharoitda milliy valyuta — soʻm real ifodada (ichki inflyatsiya, savdo hamkorlari inflyatsiyasi va nominal valyuta kursi dinamikasi hisobga olinganda) mustahkamlanishi mumkin. Bu esa mahalliy eksportchilarga salbiy taʼsir qiladi, chunki ularning mahsulotlari tashqi bozorlarda qimmatlashib, raqobatbardoshligi pasayadi.
XVJ missiyasi fikricha, hukumat, jumladan, oltinning yuqori narxi hisobidan tushgan rejalashtirilmagan qoʻshimcha daromadlarni ortiqcha sarflasa, iqtisodiyotning “qizib ketishi”ni yanada kuchaytirishi mumkin. Agar hukumat yangi yirik xarajatlar dasturlari yoki imtiyozli kreditlash dasturlarini ishga tushirsa, bu bozorga yanada koʻproq mablagʻ kirib kelishiga va allaqachon yuqori boʻlgan talabning yanada oshishiga olib keladi. Natijada esa Markaziy bank jilovlashga harakat qilayotgan inflyatsiyaning yanada tezlashishiga sabab boʻlishi mumkin.


