Oʻzbekistonda 2025 yil yakunlari boʻyicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15 foizdan koʻproq oʻsdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Markaz tahliliga koʻra, poytaxt respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining qariyb 30 foizini shakllantirgan. Yil davomida Toshkentda savdo hajmi 18,2 foizga oshib, 84 mingga yaqin bitim qayd etilgan.
Poytaxtning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʻsishi moʻtadil boʻldi. 2025 yil davomida bir kvadrat metrning oʻrtacha qiymati 0,6 foizga oshib, 1100 dollardan yuqori darajada shakllandi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda narxlar pasaygani ham kuzatildi — xususan, Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanlarida uy-joy qiymati taxminan 5 foizga kamaygan.
Birlamchi uy-joy bozorida esa vaziyat boshqacha kechdi. Yangi qurilgan uy-joylar segmentida narxlar ancha tezroq oʻsdi va yil yakunlariga koʻra oʻrtacha 9 foizdan ortiq oshdi. Eng yuqori oʻsish Mirobod (18 foiz), Yashnobod (14 foiz) hamda Mirzo Ulugʻbek (13,5 foiz) tumanlarida qayd etildi, bu hududlarda yangi loyihalarga boʻlgan talab yuqori boʻlib qolmoqda.
Toshkent shahrida ijara bozori ham barqaror oʻsish tendensiyasini saqlab qoldi. Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy hududlarida shakllandi. Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 11 dollar darajasida qayd etildi.
Shu bilan birga, ijara narxlarining oʻsish surʼati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida nisbatan tez boʻlib, ushbu hududlarda yillik oʻrtacha oʻsish taxminan 11 foizni tashkil etdi.


