Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Toshkentda uy-joy ijarasi oʻrtacha narxi oshdi

Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining oʻrtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 9,2 dollarni tashkil etdi. Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Toshkentning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda.

Oʻzbekistonda 2026 yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari hajmi 125 mingtadan oshdi. Bu aprel oyi yakuni boʻyicha koʻrsatkich boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8 foizga koʻp.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilishicha, mart oyida uy-joy bozoridagi faollikning yuqori boʻlishi, asosan, apreldan joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan bogʻliq. Aprel oyi davomida uy-joy boʻyicha 23,3 mingta bitim rasmiylashtirildi.

Hududlar kesimida

Savdolar oʻsishining eng yuqori surʼatlari Sirdaryo viloyatida qayd etildi. 2026 yilning yanvar—aprel oylarida viloyatda bitimlar soni 50 foizga oshdi. Andijon viloyatida oʻsish 42 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa yil boshidan buyon uy-joy savdosi 46 foizga koʻpaydi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining oshishi bilan ham bogʻliq. 2025 yil yakunlariga koʻra, 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 2,8 foiz yuqori.

Shu bilan birga, hududlar oʻrtasida uy-joy qurilishi hajmi boʻyicha farq saqlanib qolmoqda. Xususan, 2025 yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan boʻlsa, Andijon viloyatida bu koʻrsatkich 1,33 mln kvadrat metrni, Toshkent shahrida esa qariyb 1 mln kvadrat metrni tashkil etdi.

2025 yil yakunlariga koʻra, eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida kuzatildi. Bu yerda foydalanishga topshirilgan uy-joylar maydoni qariyb 2 mln kvadrat metrga yetdi. Sirdaryo viloyatida uy-joy savdosining oshishiga qurilish hajmining koʻpayishi ham taʼsir qilmoqda. Yil oxiriga qadar hududda 3,5 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Umuman olganda, joriy yilda Oʻzbekiston boʻyicha 140 mingta yangi turar joyni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar

Respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻrtacha 8,5 foizga oshdi. Narxlar oʻsishining eng yuqori surʼatlari Sirdaryo viloyatida 20 foiz, Surxondaryo viloyatida 16,5 foiz va Buxoro viloyatida 16,3 foizni tashkil etdi.

Yanvar–aprel oylarida respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʻrtacha 2,9 foizga oʻsdi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Surxondaryo viloyatida 7,4 foiz, Samarqand viloyatida 6,3 foiz va Xorazm viloyatida 6,2 foiz darajasida qayd etildi.

Hududlar kesimida narxlar darajasidagi farq saqlanib qolmoqda. Eng qimmat bozor hanuz Toshkent shahri boʻlib, aprel oyida ikkilamchi uy-joyning oʻrtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 1 150 dollarni tashkil etdi. Keyingi oʻrinlarda Samarqand viloyati qariyb 900 dollar va Toshkent viloyati 690 dollar bilan qayd etildi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Toshkent shahrida birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari oʻsmoqda. Birlamchi bozorda oʻsish surʼati nisbatan yuqori. Yillik hisobda ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metrning oʻrtacha qiymati 6,1 foizga oshdi. Narxlar oʻsishining eng yuqori surʼatlari Mirzo Ulugʻbek tumanida 9,2 foiz, Mirobod tumanida 9 foiz va Chilonzor tumanida 8,3 foizni tashkil etdi.

Birlamchi uy-joy segmentida narxlar oʻsishi ikkilamchi bozorga nisbatan yuqoriroq boʻlmoqda. Oʻtgan yilning aprel oyiga nisbatan bir kvadrat metrning oʻrtacha qiymati 8,8 foizga oshdi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Yunusobod tumanida 17,3 foiz, Mirzo Ulugʻbek tumanida 16,8 foiz va Bektemir tumanida 11,3 foiz darajasida qayd etildi.

Toshkent shahrida ijara narxlari

Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining oʻrtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 9,2 dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 foiz yuqoridir. Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Toshkentning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Xususan, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 11 dollar atrofida shakllangan.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori oʻsish surʼatlari Yashnobod tumanida 18,2 foiz, Bektemir tumanida 16,7 foiz va Yunusobod tumanida 14,3 foiz darajasida qayd etildi.

Shu tariqa, Toshkent shahrida ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq oʻsishda davom etmoqda. Bir yil davomida oʻrtacha ijara narxlari 9,1 foizga oshgan boʻlsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6 foizga oʻsdi.