Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvining qaroriga muvofiq, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali miqdorini qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazilmagani, shuningdek, banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim talablar bajarilmaganligi sababli qabul qilingan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq, bank faoliyatini oʻrnatilgan tartibda tugatish belgilandi hamda tugatish komissiyasi tayinlanib unga tugatish ishlarini boshqarish vakolatlari oʻtkazildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari toʻliq qaytarib beriladi (omonatlar toʻlab berilishi boʻyicha aniq hisob-kitoblar Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan eʼlon qilinadi), 373 nafar fuqaro boʻyicha esa kafolatlangan omonat mablagʻlaridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi. Ushbu masala Markaziy bankning doimiy eʼtiborida boʻlib, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib boriladi va jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.


