Oʻzbekiston Markaziy banki Boshqaruvining joriy yil 27 avgustdagi tegishli qarori bilan Qozogʻistonning Yevroosiyo bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunga bank tomonidan ustav kapitali miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam talablarga muvofiqlashtirilmaganligi hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa talablar bajarilmaganligi sabab boʻlgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, bankni majburiy tugatish hamda tugatish komissiyasini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
2023 yilning aprel oyida prezident banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi. Oʻsha yilning sentabridan bu 200 mlrd soʻmni, 2025 yildan esa 500 mlrd soʻmni tashkil etishi kerak.
2022 yilning dekabrida Qozogʻiston banki Oʻzbekistonda shoʻba korxonasini ochishni rejalashtirayotgani maʼlum boʻlgandi. 2023 yilning mayida Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov Yevroosiyo banki Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochish uchun dastlabki ruxsatni olganini maʼlum qilgandi. Shuningdek, 2024 yilning 12 yanvarida Markaziy bank tomonidan Qozogʻiston kredit tashkilotiga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilgan edi.
Markaziy bank reyestriga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy bank vakolatxonalari soni 8 tani tashkil etadi. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya, yana ikkitasi Germaniya banklariga tegishli. AQSH, Rossiya va Xitoy banklarida yana bittadan ofis mavjud.


