“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar mehnat munosabatlari va kasbga oʻqitish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalish va maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnatga oid munosabatlarning samarali, adolatli va oʻzaro manfaatli tizimini yaratish;
- ish beruvchilarning ehtiyojiga muvofiq ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash tizimini joriy etish.
2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:
- boʻsh ish oʻrinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik;
- boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.
Farmonga koʻra, 2025 yil 1 noyabrdan xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
- nogironligi boʻlgan shaxslar;
- oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar;
- Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;
- muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
- ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash:
- xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;
- xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi. Bunda:
- ishsizlik nafaqasi soʻnggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan soʻng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik oʻrtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida toʻlanadi;
- 1-oyda oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi;
- 2- va 3- oylarda esa oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan soʻng qoʻshimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.


