Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Tadbirkorlar oʻziga tegishli binoga tutash yerlarni ijaraga olishi mumkin boʻladi

Oʻziga tegishli boʻlmagan yer uchastkasida norasmiy tarzda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati xatlovdan oʻtkaziladi.

Hukumat qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun oʻziga tegishli bino va inshootlarga tutash boʻlgan yer uchastkalaridan (sogʻlikni saqlash, taʼlim va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tegishli yer uchastkalari bundan mustasno) mavsumiy umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun haq evaziga ijara huquqi asosida foydalanish tizimi joriy etiladi.

Oʻziga tegishli boʻlmagan yer uchastkasida norasmiy tarzda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati xatlovdan oʻtkaziladi.

Hukumat qaroriga koʻra, bu ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • 1-bosqichda barcha tuman (shahar)lardagi markaziy koʻchalarda — 1 sentyabrga qadar;
  • 2-bosqichda qolgan koʻchalarda — 1 oktyabrga qadar.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab xatlov natijasida aniqlangan obyektlar qonuniy faoliyat yuritadi yoki hududni boʻshatadi.

2026 yil 1 fevralga qadar tijorat faoliyati obyektlarini koʻchalar va binolar arxitektura qiyofasiga mos ravishda, aholi uchun qulay va xavfsiz tarzda loyihalashga doir yagona talab va tavsiyalar (“dizayn-kod”) ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

“Dizayn-kod”ga asosan loyihalar tasdiqlangunga qadar faoliyati qonuniylashtirilib, ijara shartnomasi tuzilgan obyektlarda tadbirkorlar tomonidan har qanday qoʻshimcha qurilishlar, maydon, fasad va mavjud yengil konstruksiyalarning konstruktiv elementlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, shunday ishlar amalga oshirilgan taqdirda, tutash maydonda joylashgan obyektlar belgilangan tartibda buziladi hamda yangi shartnoma tuzilmaydi.