1 iyundan Bahrayn, Kuvayt va Oʻmon fuqarolari uchun Oʻzbekiston hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etiladi. Bu 15 may kuni imzolangan “2025−2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmonida qayd etilgan.
Farmonda, shuningdek, 2025 yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- respublika hududlariga 15,8 mln nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 mlrd AQSH dollariga yetkazish;
- ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 mln ta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qoʻshimcha 378 ta turoperator faoliyatini yoʻlga qoʻyish.
2025 yildan har yili 30 noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi.
2025 yildan har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.
2025 yil iyun oyidan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.


