Qoʻmita ustun mavqeini suiisteʼmol qilish holatlarini oldini olish maqsadida kompaniyada majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etadi va tegishli tartibda monitoring oʻtkazib boradi.
Maʼlumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.
Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori boʻlsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.
Avvalroq onlayn toʻlov tizimlari bozorida Payme ham ustun mavqega ega deb topilgandi.
Click haqida
Click bu — mobil telefon orqali uyali aloqa operatorlari, internet provayderlar va boshqa kompaniyalarning xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish, anʼanaviy va internet doʻkonlarda xaridlarga toʻlash, kartadan kartaga mablagʻlarni oʻtkazish va boshqa imkoniyatlarni beradigan mobil banking tizimi.
Kompaniya 2011 yil noyabr oyida tashkil etilgan boʻlib, uning asoschilari Ulugʻbek Rustamov, Rustam Fayziyev hamda Bahodir Abdukadirov hisoblanadi. Click Oʻzbekistonda USSD orqali toʻlovlarni birinchi boʻlib yoʻlga qoʻygan kompaniyalardan biridir.
Platforma foydalanuvchilarining umumiy soni 20 milliondan oshgan. 2025 yil aprel holatiga koʻra, uning ustav kapitali 10 mlrd soʻmni tashkil qiladi.


