Qarorga koʻra, 2025 yilda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlash;
- 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish;
- 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish;
- 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sogʻlomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha motivatsion seminarlar tashkil etish.
“HAMROH” tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan:
- xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratish yoʻlga qoʻyiladi;
- ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan xotin-qizlarga 100 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
- ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorga muvofiq, quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor ayollar” platformasi 2025 yil 1 iyulgacha ishga tushiriladi:
- ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga koʻmaklashish;
- oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;
- zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;
- loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topish.
2025 yil 1 maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yoʻlga qoʻyiladi:
- oʻz biznesini tashkil etmoqchi boʻlgan xotin-qizlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish;
- kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish;
- mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga oʻz mahsulotlarini joylashtirish va sotishga koʻmaklashish.
2025 yil 1 avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida moliyaviy xizmatlar koʻrsatish strategiyasi tasdiqlanadi.
Yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.


