Yil boshidan buyon respublikaning turli hududlarida koʻchmas mulk savdosining dinamikasi ijobiy tendensiyalarni namoyon qilmoqda. Eng sezilarli oʻsish Jizzax viloyatida kuzatilib, bu yerda savdo hajmi 44 foizga, Navoiy viloyatida esa 36 foizga oʻshdi.
Qayd etilishicha, umumiy koʻchmas mulk bozorining 28 foizini egallovchi poytaxtda, faollik 18 foizga oshgan, bu esa shahardagi koʻchmas mulkka boʻlgan barqaror qiziqishni tasdiqlaydi.
Bir oy ichida respublika boʻylab ikkilamchi uy-joy narxlari moʻtadil ravishda 0,3 foizga oshgan, oʻtgan yilga nisbatan esa 4,6 foizlik oʻsish kuzatilgan.
Ikkilamchi bozordagi oʻzgarishlar
Eng katta yillik oʻsish Surxondaryo viloyatida – 11,4 foiz, Jizzax viloyatida – 10,4 foiz va Fargʻona viloyatida – 8,4 foiz qayd etildi.
Yanvar oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning oʻrtacha narxi oʻzgarishsiz qoldi.
Poytaxt tumanlari kesimida eng katta narx pasayishi Sergeli tumanida – 1,8 foiz, Yunusobod tumanida – 1,7 foiz va Mirzo Ulugʻbek tumanida – 1,5 foiz kuzatildi.
Umuman olganda, oʻtgan yilning yanvar oyiga nisbatan Toshkentda 1 metr kvadrat uchun oʻrtacha narx moʻtadil ravishda 2,3 foizga pasaydi.
Uy-joy ijara bozori
Yanvar oyida Toshkentdagi ijara bozorida faollik biroz pasaygani qayd etildi. Poytaxtida 1 kvadrat metr joy ijarasi oʻrtacha 8,1 follarni tashkil etmoqda.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi oʻtgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaygan.
Eng katta pasayish Chilonzor (-17,4 foiz), Olmazor (-16,7 foiz) va Yashnobod (-14,3 foiz) tumanlarida qayd etilgan.


