Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Bosh prokuratura: “2022 yilda mansabdor shaxslar davlat va jamiyat manfaatlariga 1,012 trln soʻm zarar yetkazgan”

Oʻzbekistonda 2022 yil davomida jami 2965 ta jinoyat ishi boʻyicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,012 trln soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan boʻlib, ushbu zararning 847 mlrd soʻmi undirilgan

Oʻzbekistonda 2022 yil davomida jami 2965 ta jinoyat ishi boʻyicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 110 nafari respublika, 264 nafari viloyat va 2742 nafari tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Shuningjdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 2103 nafari oʻzganing mulkini oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, 265 nafari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish, 243 nafari firibgarlik, 169 nafari poraxoʻrlik, 51 nafari mansab soxtakorligi, 22 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 14 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va 249 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trillion 12 milliard soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan boʻlib, tergov jarayonida ushbu zararning 847 milliard soʻmi undirilgan.

Avvalroq jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 2022 yil davomida 12 141 nafar shaxsga nisbatan 9807 ta jinoyat ishi koʻrib tamomlangani haqida xabar berilgandi. Xususan, sohalar boʻyicha korrupsiyaga oid koʻrib tamomlangan ishlar boʻyicha bank yoʻnalishida 7 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.