Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida korxona rahbari “Aloqabank”ning 220 ming dollar kreditini oʻzlashtirib yubordi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Muzrabot tuman boʻlimi tomonidan “Aloqabank”ning Surxondaryo hududiy markazining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda “T.Y.E.” MCHJ sobiq rahbari I.S. MCHJga “Aloqabank” viloyat filiali tomonidan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablagʻini toʻldirish” uchun ajratilgan 220 ming dollar kredit mablagʻini oʻzining shaxsiy ehtiyojiga ishlatib yuborib, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shuningdek I.S. bank filiali masʼul shaxslari bilan til biriktirib, aslida bahosi 737,8 million soʻm boʻlgan binoning narxini sunʼiy ravishda oshirgan holda 2,5 milliard soʻmga oʻzaro kelishuv dalolatnomasiga asosan garov taʼminoti sifatida qoʻyib, bank manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgani maʼlum boʻlgan.
Taxkidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.


